Moʻynoqda elektr energiyasi taʼminoti yana-da yaxshilanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi maxsus shtabi hududlarda aholi va byudjet tashkilotlarini 2020-2021-yillarda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumaniga bordi.

Taʼkidlash joizki, Moʻynoqda oʻtgan yilning oktyabr oyida isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida Moʻynoq tuman elektr taʼminoti korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirilgan edi.

Mazkur uch qavatli zamonaviy binoda barcha qulayliklarga ega boʻlgan 120 oʻrinli xoll va zallar bunyod etilgan. Qolaversa, roʻyxatga olish ishlarini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish maqsadida zamonaviy talablarga toʻla javob beruvchi monitorlar hamda bepul Wi-Fi tarmogʻi ham joriy qilingan. Bundan tashqari, mijozlar uchun qoraqalpoq, oʻzbek va rus tillarida maʼlumotlar elektron tablolarda aks etib turadi.

Ayni kunga qadar Moʻynoq tumanidagi isteʼmolchilarni kuz-qish mavsumida barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida uzunligi 40 kilometr boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari va 20 ta transformator punkti kapital taʼmirlandi. Shuningdek, umumiy uzunligi 38 kilometr boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari va 6 ta transformator punkti rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari, 143 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 56 dona transformator punkti joriy taʼmirlandi.

“Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmatining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilariga 2020-2021-yil kuz-qish mavsumida jami 733,4 million kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu oʻtgan mavsumga nisbatan 67,1 million kVt.soatga yoki 10,1 foizga koʻpni tashkil qiladi.

Orolboʻyi isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun uzunligi 20,4 ming kilometr boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari va 4 ming 976 ta transformator punktlaridan foydalaniladi.

Joriy yil 1-oktyabrga qadar 1552,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 443 ta transformator punktlari mukammal taʼmirlanadi. Bugungi kunga qadar jami 52 ta transformator punkti, 60 tonna transformator moyi va 49,2 kilometr kabel mahsulotlarining zaxirasi yaratildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA