Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-sentyabr kuni suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mintaqamizda suv tanqisligi bilan bogʻliq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Oxirgi 10 yilda, misol uchun, Oʻzbekistonda suv hajmi 12 foizga, oʻtgan yilgiga nisbatan esa bu yil 15 foizga kamaygan.

Paxta va gʻalla yetishtirish uchun sarflanayotgan elektr energiyasi hamda suvni yetkazib berish xarajatlari ham koʻp. Xususan, 2,5 million gektar maydonni sugʻorish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 8 milliard kilovatt soat energiya va 2,4 trillion soʻm byudjet mablagʻlari sarflanmoqda. Bir gektar maydonga suvni nasoslar orqali yetkazib berish uchun byudjetdan oʻrtacha 800 ming soʻm xarajat qilinyapti. Egatlab sugʻorish oqibatida yiliga qariyb 5-6 milliard kub metr yëki 20 foiz suv dalada behuda sarflanmoqda.

Bunday sharoitda suvni tejash va hisobini yuritish har doimgidan ham dolzarb masalaga aylandi. Oʻtgan ikki yilda Prezident va hukumatning shu sohaga doir 11 ta qarori qabul qilinib, hamma sharoit yaratib berildi.

Lekin, yigʻilishda taʼkidlanganidek, bajarilgan ishlar imkoniyat darajasida emas. Masalan, shu paytgacha 285 ming gektar, yaʼni bor-yoʻgʻi 7 foiz yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Bu borada, ayniqsa, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlarida qoloqlik bor. Furqat, Boʻka, Chinoz, Sardoba, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Kasbi, Qiziriq, Muzrabot tumanlarida suv tejovchi birorta ham loyiha tatbiq qilinmagan.

Shu bois videoselektorda suv xoʻjaligidagi ishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va tumanlar kesimida tanqidiy tahlil qilinib, galdagi muhim vazifalar muhokama etildi. Kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni 600 ming gektarga yetkazish reja qilib qoʻyildi. Buning uchun davlat byudjetidan zarur mablagʻ yoʻnaltirish, tashabbuskorlar xarajatining bir qismini qoplash uchun subsidiya berish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari resurslarini jalb qilib, salohiyatli fermer xoʻjaliklari va klasterlarga tijorat banklari orqali kredit ajratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Suv tejovchi texnologiyalar qamrovi kengayishi bilan ularni ishlab chiqarishga ham talab oshadi. Biroq, yurtimizda shunga ixtisoslashgan 13 ta korxonaning quvvati kelgusi yil ehtiyojining yarmini qoplashga ham yetmaydi. Shu bois mutasaddilarga Samarqand, Toshkent va Namangan viloyatlarida suv tejovchi texnologiyalar uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Sohadagi yana bir innovatsiya – klasterlar 3 ming gektardan ziyod ekin maydonini lazer yordamida tekislash orqali suv sarfini 20-25 foiz, oʻgʻitni 15 foiz tejashga, hosildorlikni kamida 10 foizga oshirishga erishgan. Davlatimiz rahbari bu tajribani keng qoʻllab, paxta, gʻalla va sholi maydonlarini lazer yordamida tekislash muhimligini taʼkidladi. Moliya vazirligiga ushbu texnologiyani joriy qilishga Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan kamida 250 milliard soʻm kredit ajratish topshirildi.

Joriy yilda Quyichirchiq, Narpay, Bulungʻur, Sardoba, Nishon, Kasbi tumanlarida suv xoʻjaligi obyektlari xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berilib, namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Bu orqali mazkur inshootlar modernizatsiya qilinib, ekspluatatsiya xarajatlari anchayin qisqaradi. Yigʻilishda bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Suv isrofiga sabab boʻlayotgan muammolardan yana biri shuki, bugungi kunda 3 mingdan ziyod suv oʻlchash postlarining atigi 2 foizi, 400 ta yirik suv obyektining 2,5 foizida boshqarish tizimi avtomatlashgan, xolos. Shu bois Suv xoʻjaligi vazirligiga yil yakunigacha 150 ta, kelgusi yildan barcha oʻlchash postlarida suvni onlayn rejimda nazorat qiluvchi avtomatlashgan tizim joriy etish vazifasi yuklatildi.

Maʼlumki, bu yildan qishloq xoʻjaligi korxonalariga suv soligʻi boʻyicha berilgan imtiyozlar bekor qilindi. Shu bilan birga, suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foizga pasaytirildi. Prezident ushbu kamaytirilgan stavkani kelgusi yilda ham saqlab qolish zarurligini taʼkidladi.

Sugʻorish meʼyorlarini hisoblash metodikasini BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) talablariga moslashtirish, suv hisoblagichlar oʻrnatgan isteʼmolchilarni ragʻbatlantirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga kollektor suvlarida baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriq berildi.

Namangan tajribasi asosida gidrogeologik qidiruvlarni kengaytirib, yerosti suvlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Yigʻilishda suv xoʻjaligi sohasida fan va taʼlimni rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini barpo etish hamda rekonstruksiya qilish ishlariga ilmiy xodimlarni biriktirish muhimligi taʼkidlandi. Bu orqali fan namoyandalari obyektlarning loyihaoldi hujjatlarini tayyorlashdan ularni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan jarayonlarda qatnashib, qurilish ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatib boradi. Fan va amaliyot uygʻunligi taʼminlanib, kelgusidagi loyihalar puxta ishlab chiqilishida qoʻl keladi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va tuman hokimlari axborot berdi.

 

O’zA