Mazkur klinika Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mamlakatimizning eng chekka hududida tashkil etilgan boʻlib, tuman hokimligi tomonidan ajratilgan yer maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda qurib bitkazildi. Klinika AQSHning AMD kompaniyasi bilan hamkorlikda teletibbiyotga oid zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlangan.Klinikaning asosiy vazifasi Moʻynoq tumani misolida chekka hududlarda yashovchi aholini respublika markazidagi tibbiyot muassasalari mutaxassislari bilan real vaqtda aloqada boʻlib (onlayn), ularni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish, terapevtik davolash boʻyicha maslahat olishdan iborat.
Shifokor masofada turib bemorning real vaqtda videotasvirini koʻrib qolmasdan, uning ichki organlaridagi oʻzgarishlar (ultratovush apparati), teri qatlami (dermaskop), LOR (otoskor), yurak qon-tomir (stetoskop, tanometr, pelsoksimetr va elektrokardiografiya), koʻz kasalliklarini (oftalmoskop) va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida bemorning yonida turgandek tekshirish, tashxis qoʻyish va uni terapevtik davolashi mumkin. Endilikda bemorning tibbiy tekshiruvdan oʻtishi uchun markazga kelish zarurati qolmaydi.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining yaxshilanishida asosiy omil boʻlmoqda.