Nukus shahrining Otchopar maydonidagi garnizonda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirokida majmuaviy taktik maxsus mashgʻulot boʻlib oʻtdi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qiladi.
Unda haydovchilik lavozimida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar avtomobil texnikalarda murakkab mashqlarni bajarishi va transport vositalarini kolonnada yuqori tezlikda boshqarishi belgilangan edi.
Haydovchilik mahoratiga ega boʻlgan askarlar mashgʻulot davomida avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, shartli kichik nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish kabi shartlarni ham bajarishdi.
Oʻquv mashgʻuloti tongda shartli signal asosida boshlanib, haydovchilar harbiy texnikalarni yuqori jangovar shay holatiga keltirishi va qisqa vaqtda jangovar texnikalarini saqlash parkidan chiqib ketishi shart edi.
Askarlar toifasidagi harbiy xizmatchilarning haydovchilik mahoratini yuksaltirish, har xil vaziyatlarda texnikani tezkorlik bilan foydalanish uchun shay holatga keltirish, harbiy intizom, oʻziga boʻlgan ishonch va qatʼiyatni tarbiyalash kabi shartlar malakali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borildi. Mashgʻulot davomida ishtirokchilarning texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
OʻzA