Murojaatlar joyida hal etildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanining eng chekka hududlaridan biri Oltinsoy ovul fuqarolar yigʻinida sayyor qabul boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda sektorlar, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarning ijobiy hal etilishiga, ularning bugungi kundan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilmoqda. Tumanning olis hududida oʻtkazilgan sayyor qabul davomida aholidan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati ijobiy yechim topdi.
Jumladan, Abay ovuli fuqarolar yigʻini hududidagi umumtaʼlim maktabi direktori O.Botirovaning oʻquvchi sonining koʻpayishi sababli sinf xonalari yetishmayotganligi boʻyicha murojaati eʼtiborga olinib, qoʻshimcha bino qurish boʻyicha tegishli soha rahbarlariga koʻrsatma berildi. Noanʼanaviy tarzda maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etish borasidagi taklif aholi tomonidan maʼqullandi.
Tadbir yakunida 3-sektor rahbari tomonidan bir guruh yoshlarga fuqarolik pasporti, ehtiyojmand oilalarning farzandlariga badiiy adabiyotlar, yangi oʻquv yiliga oʻquv anjomlari topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA