Boʻzatovda zamonaviy chorvachilik majmualari barpo etilmoqda

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash borasida Boʻzatov tumanida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
59d5d2ce-16b7-4fe1-b6e4-28dfc3b96c70.jPG
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining amaliy yordamida bugungi kunda tumanda bir qator chorvachilik majmualari barpo etilib, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Avstriya kabi mamlakatlardan naslli qoramollar olib kelinmoqda. Bu borada, tumanda umumiy qiymati 54 milliard 755 million soʻmlik 46 ta loyiha amalga oshirilib, 127 ta yangi ish oʻrnini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning roʻyobi natijasida 2575 bosh chorva moli, shundan 1845 bosh naslli qoramol va 730 bosh qoʻy-echki olib kelinadi.

Qaror ijrosini taʼminlash, chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sohaga aholini keng jalb qilish, ularning chorvachilik bilan shugʻullanishi uchun qulay sharoit yaratish borasida ishlar boshlab yuborildi. Shu jumladan, chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan loyiha tashabbuskorlari qoʻllab-quvvatlanmoqda.

b15ea36e-b85f-4ea4-bfdd-31b9bed8e419.jPG
Tumandagi “Erkindaryo” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Erkindaryo chorva” fermer xoʻjaligi tomonidan 100 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik majmuasi ishga tushirildi. Aksiyadorlik-tijorat “Xalq banki”ning 1 milliard 338 million soʻm kredit mablagʻi evaziga joriy yilning may oyida 25 bosh golshteyn va 28 bosh simmental naslli qoramol olib kelindi. Natijada 15 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bugungi kunga qadar 17 ta buzoq olindi.

Har bir sigirdan kuniga 20-25 litrdan sut sogʻib olinmoqda. Ushbu mahsulotlar Nukus shahridagi va tuman hududidagi sutni qayta ishlash shoxobchalariga, savdo markazlariga va dehqon bozorlariga shartnoma asosida yetkazib berilmoqda.

Tuman hokimining qarori bilan fermer xoʻjaligiga jami 375 gektar yer maydoni ajratilib, shundan 40 gektariga makkajoʻxori, 60 gektariga beda va boshqa ozuqabop ekinlar ekildi. Bu ishlarga 7 ta turli rusumdagi texnika va agregat jalb qilingan. Bugungi kungacha 500 tonna silos bostirildi. Bundan tashqari, 15 ming dona beda senaji, 95 tonna makkajoʻxori soʻtasi tayyorlandi. Har bir bosh qoramol veterinar mutaxassisning kundalik nazoratida boʻlmoqda.

ccde9f6e-c04c-4494-81e9-f3e1b0ac0d38.jPG
Tumandagi “Qushxonatov” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Agrobiznes Boʻzatov” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan dastlabki bosqichda 95 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik majmuasi ishga tushirildi. Germaniyadan 33 bosh golshteyn va 32 bosh simmental naslli qoramol olib kelindi. Keyingi bosqichda sutni qayta ishlaydigan uskunalar olib keltirilib, chorva klasterini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Boʻzatov Simmental” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan bugungi kunda 500 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik majmuasi barpo etilmoqda. Aksiyadorlik-tijorat “Xalq banki”ning 24 milliard soʻm kredit mablagʻi evaziga birinchi bosqichda Avstriya davlatidan 300 bosh qoramol olib kelinadi. Keyingi bosqichda yana 200 bosh qoramol va Turkiyadan sutni qayta ishlaydigan uskunalar keltiriladi.

Qaror ijrosini taʼminlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar chorvachilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, xalqimizni arzon va sifatli goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Bu oʻz navbatida fuqarolarning bandligini taʼminlab, ularning daromadini koʻpaytiradi.

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA