Prezident Yashnobod tumanida qurilayotgan yangi turar joy majmuasi bilan tanishdi

Fargʻona yoʻli koʻchasida, Qorasuv kanali boʻyida qurilayotgan “Assalom, sohil!” turar joy majmuasi 22 koʻp qavatli uy, 58 kottej, moʻjaz sayilgohlar, yashil maydonchalar, antiqa daraxtlar, gullar, betakror koʻrinishdagi taʼlim muassasalari, sogʻlomlashtirish majmualari, amfiteatr, kafelar, biznes markaz, umuman, aholi yashashi uchun barcha qulay obyektlarni oʻz ichiga oladi.

Majmuani “Golden house” kompaniyasi qurmoqda. 16 ta 9 qavatli, 4 ta 9-12 qavatli, 2 ta 14-16 qavatli uyda 3236 xonadon boʻladi. Birinchi bosqichda yil oxiriga qadar 6 ta 9 qavatli uy foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Xonadonlar maydoni 35 kvadrat metrdan 120 kvadrat metrgacha. Ipoteka krediti asosida ham sotiladi. Oʻrtacha hisobda, 3 xonali uy 20 yil muddatga kreditga olinsa, oylik toʻlovi 5 million soʻmdan aylanadi, demoqda kompaniya mutaxassislari.

Uylar bilan tutash hududda savdo-koʻngilochar markaz ham quriladi. Markaz va uylar oʻrtasidan oqib oʻtuvchi Qorasuv kanali atrofi sayr qilish uchun moslashtirilib, obodonlashtiriladi. Kichik orolcha ham hosil qilinadi.

“Golden house” kompaniyasi direktori Davron Fayzimetovning aytishicha “Assalom, sohil!” uylarining afzalligi shundaki, ular mualliflik texnologiyasiga asoslangan qurilish konstruksiyasiga ega. 9 balldan yuqori amplitudadagi seysmik chidamliligi tekshirilgan. Fasadning 3 qoplamadan tashkil topgani esa anʼanaviy beton uylardan mutlaqo farq qiladi. Videokuzatuv va yongʻin xavfsizlik tizimi, har bir xonadon modul tipidagi alohida isitish qozoni bilan jihozlangan holda topshiriladi. Shuningdek, mijozlar buyurtmasiga koʻra shaklan oʻzgarishi mumkin.

Taʼkidlash joizki, mustaqillikdan keyin qariyb 25 yil mobaynida mamlakatda, xususan, Toshkentda koʻp qavatli uylar qurilmagan, odamlar uchun uy-joy nihoyatda dolzarb muammoga aylangan edi. Keyingi yillarda qurilayotgan uylar hamyurtlarimizning koʻp yillik orzularini roʻyobga chiqarmoqda. Minglab oilalar, ayniqsa, uy-joyga muhtoj, kam taʼminlangan fuqarolarimiz oʻz uyiga ega boʻldi.

Davlatimiz rahbari bunday uylar qurilishini zamonaviy texnologiyalar asosida, rivojlangan davlatlardagi kabi andazalarda davom ettirish kerakligini taʼkidladi.

– Qurilishda ham raqobat boʻlyapti. Bu sifatni taʼminlab, narx arzonlashishiga omil boʻlmoqda. Uylar, inshootlar qurishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, eng oʻqimishli, usta quruvchilarni ishga olish kerak, – dedi Prezidentimiz.

Shavkat Mirziyoyev xorij tajribasi asosida qurilgan yengil konstruksiyali kottejlarni ham koʻzdan kechirdi. Bu uylar arzonligi, oʻn kunda bitkazilishi bilan ajralib turadi, buyurtma asosida bir necha xil shaklda qurib beriladi. Bunday kottejlar, ayniqsa, togʻli va choʻl hududlari uchun juda mos keladi.

Mehnat faxriylari bilan muloqot chogʻida oxirgi yillarda Toshkent oʻzgardi. Peshona terimiz bilan oʻzgartirdik. Ming qatla shukr, qoʻlimiz uzun, hamma narsamiz yetarli. Bagʻrimiz keng boʻlib, Xudodan soʻrab harakat qilsak, duo olsak kam boʻlmaymiz, deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA