Ijodiy imtihoni bor taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar 16-avgustgacha yana 4tagacha yoʻnalishni tanlashi mumkin

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi majlisining 2-son bayoni qaroriga muvofiq:

Pandemiya sharoitini inobatga olib, Respublika Taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar avvalgi yillarda olingan mos fan boʻyicha test sinovlari bilan almashtirilganligi toʻgʻrisida xabar berilgan edi.

Bunda, test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlari toʻliq test sinovlari orqali amalga oshirilishini inobatga olib, faqat mazkur taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarga muayyan taʼlim yoʻnalishiga kirish uchun test topshiradigan fanlari majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan qoʻshimcha toʻrttagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini 2020-yil 16-avgustga (16-avgust kuni ham) qadar tanlash huquqi berildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan birgalikda test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlagan abituriyentlarga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlash va onlayn roʻyxatdan oʻtish uchun operativ tarzda xabar yetkazadi.

 

OʻzA