DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: qulogʻi belgi uchun kesilgan qoʻyni qurbonlik qilish mumkinmi?

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi yetakchi mutaxassisi Gʻulomiddin XOLBOYEV:

– Qurbonlik qilinadigan hayvonning barcha aʼzolari sogʻ va butun boʻlishi afzal. Lekin odatda hayvonlar ozgina nuqsondan, kamchilikdan xoli boʻlmaydi. Odatda choʻponlar qoʻylarning qulogʻiga belgi qilish maqsadida turli tamgʻalar qoʻyadi yoki kesadi.

Imom Muhammad rahmatullohi alayh “Jomiʼ as-Sagʻir” kitobida: “Agar hayvon qulogʻi, dumi yoki dumbasining aksar qismi (uzilib yo kesilib) ketgan boʻlsa, qurbonlikka yaramaydi, lekin ozroq qismi kesilgan boʻlsa, qurbonlik qilsa boʻladi”, degan.

Hanafiy mazhabi ulamolarining oʻrtasida ozi bilan koʻpini ajratib turadigan qism qancha ekani borasida ixtilof bor. Bu borada Imom Muhammad rahmatullohi alayh Abu Hanifa rahmatullohi alayh qurbonlik hayvonining qulogʻi, dumi yoki dumbasidan uchdan biri yoki uchdan biridan ozrogʻi kesilgan boʻlsa qurbonlik qilish joiz, uchdan biridan koʻprogʻi kesilgan boʻlsa qurbonlik qilish joiz emasligini rivoyat qilgan va shu gapga fatvo berilgan.

Demak, qurbonlik qilinayotgan qoʻyning qulogʻiga qaraladi. Agar qulogʻining uchdan biri yoki uchdan biridan ozroq qismi kesilgan yoki qulogʻi teshib qoʻyilgan boʻlsa, qurbonlik yoki aqiqa uchun soʻysa boʻladi. Agar qulogʻining uchdan biridan koʻp qismi kesilgan boʻlsa, qurbonlik va aqiqa uchun soʻyib boʻlmaydi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA