Markaz “COVID-19” oqibatlari haqida

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi may-iyun oylari uchun “COVID-19” ning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini maʼlum qildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jahon banki bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglash” loyihasi doirasida “COVID-19” ning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari boʻyicha tadqiqot oʻtkazdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglash” loyihasi 1500 xonadon oʻrtasida soʻrov oʻtkazish orqali butun respublikadagi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganishni koʻzda tutadi. 2019-yildan buyon loyiha doirasida 22 ta soʻrovnoma oʻtkazildi. Soʻnggi soʻrovnoma 2020-yilning 21-iyunida oʻtkazilgan.
Tadqiqot natijasiga koʻra, iyun oyida aholining bandligi jadal surʼatlarda oldingi darajalarga qaytishda davom etdi. Kamida bitta oila aʼzosi boʻlgan uy xoʻjaliklarining ish bilan bandlik darajasi aprel oyida keskin 40 foizga qisqargan boʻlsa-da, keyinchalik iyun oyida 33 foizga koʻpaydi.
Shunday boʻlishiga qaramay, xonadonlar aʼzolaridan kimdir “ishidan ayrilgan yoki ishlamay qolgani” haqida xabar bergan respondentlar soni aprel oyida 19 foiz oʻsdi va iyun oyida yana 3 foizga koʻpaydi. Soʻrovnomada deyarli barcha respondentlar faoliyati toʻxtatib turilishini vaqtinchalik deb hisoblashgan. Biroq bandlik darajasi 2019-yildagiga nisbatan pastroq boʻlsada, “COVID-19” pandemiyasidan oldingi tendensiyalar saqlanib qolmoqda.
Bandlikning pasayishi oʻzini-oʻzi ish bilan band qilganlar orasida eng sezilarli va uzoq vaqt davom etdi. Oʻzini ish bilan band qilganligini koʻrsatgan respondentlarning ulushi aprel oyida 67 foizga tushib, iyun oyida 26 foizga pasayishda davom etdi. Aksincha, oylik maosh olib ishlaydigan odamlarni ishga qabul qilish (xodimlarning) iyun oyida oʻrtacha 2019-yil darajasiga qaytdi, shu bilan birga ayollarga nisbatan erkaklar orasida tezroq amalga oshdi.
Boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha koʻrsatkichlar 80 foizga tushib ketgandan soʻng, yangi ish oʻrinlari soni koʻpayishi iqtisodiyotning tiklanish belgilarini koʻrsatmoqda. Ushbu pasayish 2019-yilning shu davriga nisbatan turizm, dam olish va koʻngil ochar xizmatlar (-95 foiz), restoranlar va barlar (-91 foiz), taʼlim (-85 foiz) sohalarida juda katta boʻldi. Iyun oyida tibbiyot va qurilish sohalarida jadal tiklanish kuzatilib, eng kam taʼsir koʻrsatgan kasblar orasida ham oʻtgan yilning shu davriga nisbatan pasayish 50 foiz va undan koʻproqni tashkil etdi.
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda taxminan 3,8 million fuqaro hukumat yordamini turli shakllarda oldi.
Pandemiya boshlanganidan keyin aholining 11 foizi toʻgʻridan-toʻgʻri hukumat yordamini olganligi haqida xabar berdi. Yordamning eng katta qismi 92 foizi toʻgʻridan-toʻgʻri yoki vaucherlar shakllarida berilgan va asosan shaharlarda koʻproq tarqalgan. Koʻrsatilgan yordam hajmi asosan daromadi past xonadonlar bilan bogʻliqligi yuqori boʻlib, mazkur dastur doirasida yordamning juda katta ulushi aynan ijtimoiy zaif uy xoʻjaliklariga yoʻnaltirilgan.
Daromadini yoʻqotgan uy xoʻjaliklarini xarajatlarning oshishi va pandemiyaning iqtisodiy taʼsiri koʻproq tashvishga solgan. Respondentlarning 53 foizga yaqini oʻz xarajatlarida jiddiy oʻzgarishlar boʻlganini taʼkidlamoqda. Ularning 60-65 foizi oxirgi 30 kun ichida odatdagidan koʻproq pul sarflaganini, qolganlari esa odatdagidan kamroq pul sarflaganini bildirishgan. Xarajatlarning oshishi inqiroz davrida daromad yoʻqotilishi bilan bogʻliq.
Inqirozdan oldin daromadi yuqori boʻlgan xonadonlar taʼsiri ancha barqaror boʻlib chiqdi. Xarajatlari koʻpayganini bildirgan respondentlarda karantindan oldin ham isteʼmol darajasi yuqori boʻlgan.

 

Sh. Mamaturopova, OʻzA