Oʻzbekiston ishchi kuchi yetkazib beradigan davlatmi?

Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) hisob-kitoblariga koʻra, xalqaro muhojirlar soni dunyo boʻylab 272 million kishiga yetgan va ularning uchdan ikki qismi mehnat migrantlari hisoblanadi. Bu dunyo aholisining 3,5 foizidir. 2019-yilda muhojirlarning pul oʻtkazmalari 689 milliard AQSH dollaridan oshgan.
Bu haqda Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda yoshlar mehnat migratsiyasini tartibga solish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiyada maʼlum qilindi.
Videokonferensiya Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) hamkorligida tashkil etildi.
2019-yilda AQSH, Germaniya, Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasi yana migrantlarni qabul qiladigan mamlakatlar roʻyxatida birinchi oʻrinni egalladi.
Migratsiya tendensiyalari 70 milliondan ortiq aholi yashaydigan Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Xususan, yoshlar migratsiyasi. Migratsiya nuqtayi nazaridan mintaqaning barcha mamlakatlarida umumiy xususiyatlarni kuzatish mumkin. Masalan, Qozogʻiston ish beruvchi davlat boʻlsa, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston asosan ishchi kuchi yetkazib beradigan davlatlar hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga solishning huquqiy va institutsional asoslari, xorijda mamlakat fuqarolarini himoya qilish mexanizmlari shakllantirildi. Yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, har yili 600 mingdan ziyod bitiruvchi mehnat bozorida barqaror ish oʻrinlarini yaratishni talab qilmoqda va ularning aksariyati ish qidirayotganligi ushbu sohadagi ishlar yetarli darajada olib borilmayotganini koʻrsatadi. Ushbu vaziyatdagi asosiy vazifalardan biri tartibli mehnat migratsiyasini tashkil qilishdir.
Tashqi mehnat migratsiyasi sohasini liberallashtirish Oʻzbekiston mehnat migrantlariga xalqaro mehnat bozorining toʻlaqonli ishtirokchilariga aylanishiga imkon berdi. Xususan, qabul qilingan oʻndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlardan tashqari, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish sohasida ikki tomonlama hukumatlararo bitimlar tuzildi.
Kasbiy taʼlim darajasi mehnat bozorida ham faollikka, ham munosib mehnat sharoitlariga ega boʻlish imkoniyatiga taʼsir qiluvchi yana bir muhim omil. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi besh yilda kollej bitiruvchilarining oʻrtacha 45-50 foizi oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlangan. Ushbu muammolarni hal qilish, mehnat migrantlarini qayta birlashtirish maqsadida 2020-yilning oʻtgan davri mobaynida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 151 ming yoshni ish bilan taʼminlashga yordam berildi. Jamoat ishlari fondidan yoshlarni jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligini taʼminlash uchun 60 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.
Shuningdek, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi 5,8 ming yosh tadbirkorga subsidiya sifatida qishloq xoʻjaligi kooperativlarining ustav fondiga 13 milliard soʻmga yaqin mablagʻ ajratdi.
“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga topshirilgan 30 ta kollej bazasida, Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunar taʼlimi markazlarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Mazkur markazlarda birinchi navbatda ishsiz va kam taʼminlangan oilalar aʼzolariga tadbirkorlik va kasb-hunar asoslari oʻrgatiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich shunday monomarkaz va kasb-hunar taʼlimi markazlari tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish, ularning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish uchun vakolatli xorijiy tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Bu, oʻz navbatida, sohani yana-da takomillashtirish, xorijiy tajribani oʻrgangan holda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasiga taalluqli hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni talab etadi.
– Oʻzbekistonda mehnat migratsiyasi asosan tashkillashtirilmagan, – deydi “Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi” NNT direktori Shamil Asyanov. – Chunki mamlakatda migratsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, migrantlarni chet ellarda uyushgan holda yollash, ishga joylashtirish, oʻqitish, hayoti hamda sogʻligʻini sugʻurtalash va hokazolarni belgilovchi maxsus qonunchilik mavjud emas. Vaziyat oʻrganilganida Fargʻona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridan xorijga ishlash uchun ketayotgan migrantlarni tanlab olishda shu kabi holatlar maʼlum boʻldi. Mamlakatda tashqi mehnat migratsiyasi yuqori darajada saqlanib qolyapti. Misol uchun, Oʻzbekistonda ish haqi ish beruvchi mamlakatlardagi ish haqiga nisbatan past. 2017-2018-yillarda Oʻzbekistonda eng yuqori oʻrtacha ish haqi gaz va neftni qayta ishlash sanoatida kuzatilgan (400 AQSH dollari), sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida esa oʻrtacha ish haqi past (150-170 dollar). Qishloq xoʻjaligi sohasida ishchilar uchun ish haqi 100 dollargacha. Shunday qilib, migrantlarning daromadi mahalliy aholining oʻrtacha daromadidan ikki yoki uch baravar koʻpdir.
Konferensiyada migratsiya siyosatini ishlab chiqishda xalqaro qonunchilikning oʻrni, Oʻzbekiston yoshlarining kasbiy faoliyati, xorijdagi mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlar mehnat migratsiyasini tartibga solish istiqbollari kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Taʼkidlandiki, migratsiya jarayonlarida ishtirok etayotgan yoshlarda xalqaro talablardagi bilim va koʻnikmalarning shakllanishi, ish tajribasining oshishi oʻz samarasini beradi. Shu sababli, migratsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotgan oʻzbekistonlik yoshlarga koʻmak berish, ular duch kelayotgan muammolarga yechim topish, oʻz haq-huquqlarini toʻgʻri anglab olishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish lozim. Shuning uchun yosh avlodga Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlar qonunchiligi, mehnat resurslari, tili va madaniyati haqida doimiy axborotlar, ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar orqali puxta bilim berilsa, qator muammolar hal etilishi mumkin.
Ish beruvchi tomonidan mehnat migrantlari huquqlari buzilishining oldini olish, mehnat migratsiyasi jarayonlarining faollashuvi va unda yoshlar ishtiroki tobora ortib borayotgani, 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning migratsiya jarayonidagi faol ishtiroki, mamlakat iqtisodiy koʻrsatkichining oʻsishi, aholi bandligini vaqtincha taʼminlashga ijobiy taʼsir qilishi bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

 

B.MELIQULOVA, OʻzA