Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Maktabgacha taʼlimda zamonaviy yondashuv yoshlar nigohida” mavzusida onlayn konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir maktabgacha taʼlim tizimiga yangi loyihalarni kiritish, bolalarni qamrab olish darajasini yana-da oshirish, ularda uchrashi mumkin boʻlgan nuqsonlarning oldini olish va tegishli choralar koʻrish, bolalarning jismoniy, ruhiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, bolalarning sifatli taʼlim olishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni aniqlash, tizimga chet el tajribalarini qoʻllash, oʻrganish va andozalar olgan holda sohani rivojlantirish, amaliyotda zamonaviy pedagogik taʼlim va axborot texnologiyalaridan foydalanish boʻlib hisoblanadi.
Tadbirda Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Q.Qodirov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri oʻrinbosari T.Boyjonov, Oʻzbekiston Respublikasi bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori oʻrinbosari, professor L.Moʻminova, Nukus davlat pedagogika instituti “Maktabgacha taʼlim” fakulteti dekani, pedagogika fanlari nomzodi M.Allambergenovava boshqalar soʻzga chiqib, bu borada ishlab chiqilgan loyihalarni vazirlikka taqdim etish, maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishga koʻmaklashish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Maktabgacha taʼlimga innovatsion yondashuv, bolalarda logopedik kasalliklarning oldini olish, defektologiya sohasini rivojlantirishning optimal masalalarida yoshlar tashabbuskorligini oshirish zarurligi qayd etildi.
Mazkur konferensiya talaba-yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirishga, ularda tizimdagi yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish qobiliyatini shakllantirishga, kelajak avlodning har tomonlama sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishiga oʻz hissasini qoʻsha oladigan yetuk kadrlarni tarbiyalashga, ularning kelajakda ilmiy ishlar bilan shugʻullanishida asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA