“Maoshimiz oshdiyu, ammo...”

Janubiy Koreyadagi “Chonnam” universitetining doktorantura bosqichida ilmiy izlanishlar qilayotgan Feruz Hamidovga kunlarning birida oʻz yurti — Buxorodan telefon boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Buxoro filialidan uni chet elda oʻqiyotgan vatandoshlar, malakali mutaxassislar hamda viloyatdagi tibbiyot yoʻnalishining rahbar vakillari bilan boʻladigan onlayn muloqotga taklif etishadi.
U oʻsha uchrashuvda qatnashadi hamda Vataniga qaytib ishlash uchun berilgan taklifni qabul qiladi…
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Janubiy Koreya universiteti doktoranti prorektor va investor boʻlib Oʻzbekistonga qaytdi” sarlavhali maqola ana shu voqea tafsiloti bilan boshlangan. Unda aytilishicha, vatandoshimizga qancha maosh vaʼda qilingani muhim emas. Asosiysi, unga chet elnikidan kam boʻlmagan shart-sharoit hamda moddiy taʼminot yaratib berilsa, yetadi…
Sir emas, ayrim hududlarda markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti yoʻqligi hamda yer osti manbasi mavjud boʻlmaganligi sababli aholiga ichimlik suvi tashib berish yoʻli bilan yetkaziladi. Lekin ichimlik suvi tashuvchi transport vositalarining aksariyat qismi sanitariya talablariga javob bermaydi. Obi hayot sanitariya talablariga zid ravishda oylab maxsus idishlarda yoki hovuzlarda saqlanishi ham bor gap.
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Natijadorlikka hokimlar ham javob beradigan tizim yaratiladi” sarlavhali maqolada ayni shunday holatlar qalamga olingan. Materialda qayd etilishicha, suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishda har ikkalasining bir vaqtda bajarilmasligi uchraydi. Ayniqsa, koʻp qavatli yangi uylarda suv taʼminoti boʻlsada, kanalizatsiya tizimi yoʻq. Yer osti ichimlik suvi shakllanadigan hududlarda kanalizatsiya tarmogʻining mavjud emasligi yoki nochor holda ekanligi suv zaxiralarining ifloslanishiga olib kelmoqda…
Maʼrifat” gazetasining navbatdagi soni toʻliq ona tili mavzusiga bagʻishlangan. Xususan, “Vazirning bayonoti, maktablarda ona tili darslari va taʼlimdagi kolonial meros haqida” sarlavhali materialda yozilishicha, umumtaʼlim maktablarida ona tili darslari qisqartirilishi haqidagi Xalq taʼlimi vazirining bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda hamon muhokama qilinmoqda. Koʻpchilik qisqartirishga qarshi. Tilshunos Eldor Asanovning ham bu masalada oʻziga xos qarashlari bor: “Maktabda grammatika oʻtilgani bois ”hamma tomon savodsizlik boʻlib ketdi“, deyapti vazir. Bu yerda qanday mantiqiy bogʻ borligini anglamadim: grammatikaning oʻqitilishi savodsizlikka sabab boʻlishi mumkinmi? Balki gap metodikaning samarasizligi haqidadir?”
“Aslida taʼlimdagi eng katta muammolar tizimli xarakterga ega. Ular dars soatlarini qisqartirish, koʻpaytirish kabi qadamlar bilan hal boʻlib qolmaydi”. “Vazirning gaplaridan mutaxassisilik muammosi oʻtkirligi anglashiladi: u tashabbusni asoslashga urinmoqda, ammo jiddiy argumentlar ayta olmayapti, tashabbusi kerakligiga va samara berishiga biror dalil keltira olmayapti”.
“Maoshimiz oshdiyu, ammo…” sarlavhali maqolada ham Amudaryo tumanidagi 37-maktab oʻqituvchisi Xosiyat Jumaboyeva yuqoridagi mavzuni davom ettirar ekan, “Ona tili darslari qisqartirilishining asl sababiga tushunmadim. Taxminimcha, maqsad — davlat byudjetini tejash va tejalgan mablagʻni boshqa islohotga yoʻnaltirish. Ammo bu tejash asrlar davomida sayqallanib va eʼzozlanib kelinayotgan ona tilimizni oʻrganish soatlarini ozaytirish hisobga boʻlishi kerakmidi?!. ”
“Ovozi tojik” gazetasida taniqli adabiyotshunos va tarjimon Sultonmurod Olimning 2020-yilda Buxoro “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilingani munosabati bilan materiali chop etilgan. U esse janrida yozilgan boʻlib, Abu Abdulloh Roʻdakiy mashhur qasidasining oʻzbek tiliga qilingan tarjimalari tahliliga bagʻishlangan.
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.

 

OʻzA