Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokida 2020/2021 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, bu yil Oʻzbekiston boʻyicha 91 oliy taʼlim muassasacida oʻqish uchun 1 million 484 ming 85 abituriyent hujjat topshirgan (2019-yilda 1 million 66 ming 926). Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 417 ming 159 nafarga yoki 39,1 foizga koʻp. Shundan, 2019/2020 oʻquv yili bitiruvchilari 536 ming 144 nafarni tashkil etdi.
Tanlov koʻrsatkichi oʻrtacha bir oʻringa 10,57 abituriyent ishtirokiga toʻgʻri keladi. Eng yosh abituriyent 13 yosh, eng yoshi katta talabgor esa 95 yoshda.
– Maʼlumki, 1-avgustga qadar karantin cheklovlari belgilangan, – dedi DTM boshqarma boshligʻi Barno Rajabov. – Karantin cheklovlari bekor qilingandan keyin kirish imtihonlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Yaʼni cheklovlar 15-avgustda bekor qilinsa, 15-avgustdan keyin, agar karantin cheklovlari 1-sentyabrgacha davom etadigan boʻlsa, unda test sinovlari sentyabr oyida oʻtkaziladi. Imtihonlar oʻtkaziladigan joylar hali tasdiqlanmagan.
Maʼlum qilinishicha, test sinovlari kuni aniq boʻlmagani sababli, ruxsatnomalarni olish sanasi ham nomaʼlumligicha qolmoqda. Imtihonlar kuni maʼlum boʻlgach, abituriyentlar telefoniga xabarnoma yuboriladi.
Birinchi tanlangan taʼlim yoʻnalishiga nisbatan eng koʻp Andijon tibbiyot instituti (1 oʻringa 27,81 nomzod), Toshkent davlat yuridik universiteti (1 oʻringa 24,35 nomzod), Toshkent tibbiyot akademiyasi (1 oʻringa 24,2 nomzod), Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filiali (1 oʻringa 22,58 nomozod) va Navoiy davlat konchilik instituti (1 oʻringa 19,5 nomzod) boʻlgan.
Abituriyentlar Samarqand davlat universitetining “Boshlangʻich taʼlim va sport-tarbiyaviy ish” taʼlim yoʻnalishi sirtqi taʼlim shakli oʻzbek guruhiga eng koʻp roʻyxatdan oʻtkazildi – 9013 nafar.
Davlat test markazi direktori oʻrinbosari Sardor Rajabovning maʼlum qilishicha, abituriyentlar tomonidan 8660 hujjat chet tili sertifikati sifatida dasturga kiritilgan. Bularning barchasi Davlat test markazi tomonidan tekshirildi va 8079 sertifikat oʻz tasdigʻini topdi. 581 sertifikat esa talabga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, 200 sertifikatda tilni bilish darajasi B2 dan past ekani, 117 sertifikat milliy yoki xalqaro imtihon tizimlaridan olinmagani, bunda oʻquv markazlari tomonidan berilgan yoki xalqaro boʻlmagan sertifikatlar boʻlgani, 69 sertifikatda amal qilish muddati tugagani, 7 holatda sertifikatlarning haqiqiy emasligi, 9 tasida sertifikat boshqa shaxsga tegishli ekani aniqlandi.
Anjumanda abituriyentda COVID-19 aniqlansa, imtihonga qoʻyilmasa, unga toʻlagan puli qaytarib beriladimi, degan savol bilan murojaat qilindi. Taʼkidlanishicha, agar abituriyent statsionar davolanishda boʻlsa va testda ishtirok eta olmasa, u keyingi yil test sinovlarida qatnashishi mumkin. Lekin puli qaytarib berilmaydi.
OʻzA