Londondagi “aql markazi” bugun Oʻzbekistonni qanday baholamoqda?

MAXSUS TAHLILNOMA
Londonda asoslangan Tashqi siyosat markazi shu kunlarda Oʻzbekiston haqida maxsus tahlilnoma chop etdi. “Spotlight on Uzbekistan” (Oʻzbekistonga yaqindan nazar) deya nomlangan nashr 161 betdan iborat boʻlib, 15 nafar muallifning maqolalarini oʻz ichiga oladi.
Loyiha rahbari va bosh muharrir Adam Xag xulosani shunday bayon etadi: “Oʻzbekistondagi islohotlar real, lekin ochiq iqtisodiyot, plyural siyosat va erkin jamiyatga aylanish uchun Oʻzbekiston hali koʻpdan-koʻp, salmoqli qadamlar tashlashi zarur”.
Xagni qiziqtirgan savollar: “Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirgi islohotlar bilan tuzumni zamonaviylashtirmoqchimi yoki Oʻzbekistonni yangi demokratik bosqichga olib kirib, sistematik burilishlar tomon yetaklamoqchimi?” Bu savol Gʻarbda ilk bor yangrayotgani yoʻq. AQSH va Yevropadagi “aql markaz”lari Mirziyoyev va uning maʼmuriyatiga islohotlar boshlanganidan beri shunday savollar berib keladi.
Xag deydiki, uning tashkiloti chiqargan tahlilnoma qator yutuqlarni eʼtirof etadi, jumladan, bugungi Oʻzbekistonda siyosiy-iqtisodiy maydon kengaygan, davlatning fuqaro hayoti ustidan nazorati sal boʻlsada pasaygan, soʻz va matbuot erkinligi bobida mamlakat oldinga siljigan, faollar ovozi balandlashgan, har bir soha egasining roli oshgan va jamiyatda dolzarb masalalar muhokamasi hozirda kengroq tus olgan, xususan ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda. “Oʻzbekiston ichkaridan ochila boshlagani uni dunyoga ham kengroq ochdi va bu davlatga eʼtiborni oshirdi”, deydi Xag.
“Amerika Ovozi” ekspertga qator savollar bilan murojaat qildi.
– Bu tahlilnoma nega aynan hozir chiqdi?
Adam Xag: – Oʻzbekiston meni azaldan oʻziga tortib kelgan va unga yaqindan tahliliy nazar tashlashni xohlab kelganman. Markaziy Osiyoni oʻrganishni boshlaganimdayoq bir kun shunday imkoniyat boʻladi, deya umid qilgan edim. Hozir bilasiz, xalqaro maydonda yangilik asosan salbiy. Oʻzbekistonda esa 2016-yildan beri ancha ijobiy oʻzgarishlar boʻldi. Shuning uchun ularga yaqinroq va chuqurroq qarab, haqiqatda nima oʻzgardi, nima oʻzgarmadi, hukumatning aytayotganlari qanchalik rost va umuman, bu davlatdagi hozirgi muhim jarayonlar nimadan iborat, deya izlandik.
– Mavzularni va mualliflarni qay asosda tanladingiz?
Adam Xag: – Biz bu nashr mavzu va tahliliy jihatdan boy va serqirra boʻlishini istadik. Koʻplab ekspertlar bilan gaplashdik, xalqaro maydondagi hamda Oʻzbekistondagi. Kimlar qay masalani qanchalik oʻrganganiga eʼtibor berdik.
Bugungi Oʻzbekistondagi dolzarb masalalarni yoritib kelayotganlarni jalb qildik. Ammo biz bu nashrda olib chiqqan mavzulardan ham koʻproq masalalar bor va ularni ham oʻrganishimiz kerak. Bu tahlilnoma asosan markaziy hukumat, iqtisod va mahalliy tizimlardagi oʻzgarishlar va muammolarni aks ettiradi.
Demokratiya bobida nimaga erishilgani va erishilmagani; qonun ustuvorligi va inson huquqlarini taʼminlash; qiynoqlarga qarshi kurash; nohukumat tashkilotlar va fuqaro jamiyati taraqqiyoti hamda xotin-qizlar erkinligi, shuningdek, ozchilikdagi guruhlar haq-huquqlari borasida ham yozilgan.
Tahlilnomamizda Oʻzbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash qay nuqtada ekani, oʻzbek paxtasiga nisbatan xalqaro boykot bekor qilinishi uchun qanday qadamlar tashlash zarurligi xususida ham toʻxtalamiz.
Tizim bugun qanchalik oshkora va masʼuliyatli ekani va emasligiga, korrupsiyaga qarshi kurash qanday ketayotganiga, taraqqiyot loyihalarini amalga oshirishda fuqaro ovozi va dardi qanchalik hisobga olinayotgani va olinmayotganiga ham nazar tashladik.
Oʻzbekiston diplomatiyasi, xususan, Moskva, Pekin va Vashington singari yirik tomonlar bilan munosabatlar qay tarzda ketayotganini ham tahlil qildik.
– Demak, sizningcha, hozir Oʻzbekiston qay bosqichda?
Adam Xag: – Har bir maqolada oʻziga xos xulosani koʻrasiz va tavsiyalar berilgan. Mening xulosam shuki, islohotlar Oʻzbekistonda real, biroq Prezident Mirziyoyevning oʻzi aytganidek, ochiq iqtisodiyot, turli fikr-qarashlarni oʻz ichiga olgan siyosiy maydon va shu tariqa erkin jamiyat qurish uchun hali juda koʻp ishlar qilinishi kerak. Hozirgi islohotlar avtoritar tizimni modernizatsiya qilishdan nariga oʻtadimi? Koʻramiz.
Hozirgacha erishilgan yutuqlarga qarab aytish mumkinki, jamiyat oldingiga qaraganda erkinroq. Konstruktiv tanqidga toqat qilinmoqda va hukumat fuqaro bilan hisoblashishga harakat qilayotgandek. Lekin tegilmayotgan masalalar hamon talay. Iqtisodning katta ulushi rahbariyatga yaqin tomonlar qoʻlida ekani, sistematik shaffoflik yetishmasligi, korrupsiya – bular Oʻzbekistonga nisbatan oxirgi yillarda kuchaygan ijobiy eʼtibor qatorida katta savollar ham tugʻdiradi.
COVID-19 pandemiyasi vaziyatni shubhasiz yanayam murakkablashtirib, tizimdagi nuqson va tub muammolarni yana-da oydinlashtirdi.
Islohotlarda yana bir omilni, yoʻnalishni, chetga surib boʻlmaydi. Avvalgi davridagi haqsizlik va adolatsizliklar qachondir ochiq muhokamaga chiqishi kerak. Xalq yangi davrga oʻtishi uchun yaqin oʻtmishdagi muammolar va xatolar ijtimoiy-siyosiy tahlil qilinishi kerak boʻladi. Jabr koʻrganlarning dardini tinglash, adolatni taʼminlash va kelajakda bunday muammolarning oldini olish – tahlilnomamizda bu mavzu ham yoritilgan.

 

OʻzA