Suma Chakrabarti: Oʻzbekiston muhim mamlakat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 9-iyuldagi farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasidagi strategik sheriklikni yoʻlga qoʻyish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi ulkan xizmatlari, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturlarining samaradorligini taʼminlashga, sanoat va infratuzilma tarmoqlarini modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor investitsiyaviy loyihalarga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi va koʻmagi, mamlakatda qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish jarayonlarini faol qoʻllab-quvvatlagani uchun Suma Chakrabarti “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Suma Chakrabarti 2012-yil iyuldan 2020-yil iyulgacha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti lavozimini boshqargan Buyuk britaniyalik davlat xizmatchisi hisoblanadi. U mamlakat amaldorlari orasida eng yuqori reytingga ega boʻlgan xizmatchi, desak yanglishmagan boʻlamiz.

S.Chakrabarti 1959-yili Hindistonning Gʻarbiy Bengaliyaga qarashli Jalpayguri shahrida tugʻilgan. Avval London siti maktabi, keyin Oksforddagi Yangi kollej, Sasseks universitetlarida tahsil olgan. Oʻqishni tamomlab, Buyuk Britaniyani xalqaro rivojlantirish boshqarmasida ish boshlagan. 1980-yillarda Britaniya hukumati tomonidan Xalqaro valyuta fondi va Jahon bankiga joʻnatilgan. Londonga qaytganidan keyin Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xorij bilan aloqalarni rivojlantirish boʻyicha davlat vaziriga shaxsiy kotib boʻlib ishga kirdi. Keyinchalik Bosh vazir Toni Bler hukumatida ishlab chiqarish va innovatsiyalar masalalari boʻyicha yangi markaziy boʻlinmani tashkil etishga masʼul etib tayinlandi. Bir muddat Qirollik gʻaznasida ham faoliyat koʻrsatdi.

2007-yildan 2012-yilgacha Buyuk Britaniya adliya vazirligida doimiy kotib boʻlib ishladi. Qaysi lavozimda boʻlmasin, ser Suma Chakrabartining halol ishlagani ekspertlar tomonidan eʼtirof etiladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) prezidenti Suma Chakrabarti Oʻzbekiston bilan munosabatlarni doim qadrlagan. Uning mazkur lavozimda Oʻzbekistonga ikki marotaba tashrif bilan kelgani buni tasdiqlaydi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki har doim oʻz faoliyatida hamkorlik oʻrnatmoqchi boʻlgan davlatning salohiyati, demokratik qadriyatlarga sadoqati va oʻtkazilayotgan islohotlari izchilligiga eʼtibor qaratadi. Aynan Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiya 10 yillik tanaffusdan soʻng 2017-yil mart oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurganini taʼkidlamoq joiz. Chunki aynan 2016-yil oxiri, 2017-yil boshlaridan Oʻzbekistonda “islohotlar shabadasi” esa boshladi.

Tashrif doirasida YETTB delegatsiyasi Oʻzbekiston bilan aloqalarini kengaytirish yoʻllarini koʻrib chiqish uchun mamlakat rahbari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Toʻgʻri bank mamlakatda 1993-yildan beri ishlar va sarmoyalar portfeliga ega edi, lekin 2010-yildan keyin ayrim sabablarga koʻra, yangi operatsiyalar oʻtkazilmagan.

Biroq, yangi Oʻzbekistonning yangi islohotlari mamlakatimizga boʻlgan ishonchni qaytardi. Oz muddat davom etgan “tanaffus”ga barham berildi. 2017-2018-yillarda Oʻzbekiston rahbariyati va YETTB oʻrtasidagi muhokamalar asosan Oʻzbekiston iqtisodiyotining ishbilarmonlik va raqobatbardoshlikni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlarini oʻrganish, bu sohada sarmoya va texnologiyalarni jalb qilish kabilarga qaratildi. Shuningdek, maslahat xizmatlari, kichik va oʻrta biznes, yashil energiya va energiya samaradorlikni oshirishga, mintaqada qazilma boyliklar qazib olishga doir loyihalarni moliyalashtirish, chegaraoldi savdosini rivojlantirish kabi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikdan oʻzaro manfaatdorlik mavjudligi ayon boʻldi.

“Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy taraqqiyot muvaffaqiyati uchun muhim mamlakatdir. Ayni paytda bankning bu yerdagi sarmoyalar portfeli uncha katta emas. Lekin biz bir qator istiqbolli yoʻnalishlarni koʻrmoqdamiz. Bular orasida mintaqaviy hamkorlik, maslahat xizmatlari, kichik korxonalarni moliyalashtirish, yashil energiya kabilar bor”, – degan edi Suma Chakrabarti 2018-yil mamlakatimizga tashrifi oldidan.

2017-yil mart oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvdan keyin tomonlar birgalikda keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib, dastlabki aniq natijalarga erishdi. Suma Chakrabarti Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qilayotgan islohot va oʻzgarishlarni, iqtisodiyotdagi liberallashtirish jarayonlarini yuqori baholadi. YETTB rahbari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, ularni qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

YETTBning moliyaviy investitsiyalari, biznes xizmatlari va maslahatlari mamlakatimizda tizimli islohotlarni olib borish va xalqimiz hayotini yaxshilashga xizmat qilmoqda. YETTB prezidenti Suma Chakrabartining hissasi tufayli samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Aynan uning faoliyati davomida Oʻzbekiston bilan YETTB oʻrtasidagi samarali hamkorlikni intensifikatsiyalash boshlandi, oʻzaro manfaatli aloqalar rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarildi. Hamkorlik yillari davomida bank tomonidan mamlakatimizda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 78 ta loyihani moliyalashtirish maʼqullandi, investitsiyalar va kreditlarning umumiy miqdori 1,85 milliard yevroni tashkil etdi.

Suma Chakrabratining YETTBga aʼzo rivojlanayotgan davlatlar oldidagi xizmatlari beqiyos. U Oʻzbekistonning turli sohalardagi, jumladan, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy siyosatdagi tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatladi. Raqamlar oʻrnatilgan hamkorlikning samaradorligini yaqqol namoyish etadi. Xususan, ayni paytda bank mamlakatimizda umumiy qiymati 1,18 milliard yevroga teng 36 ta loyihani amalga oshirishda bevosita ishtirok etmoqda.

Ular asosan, energetika, uy-joy, kommunal xizmat koʻrsatish, bank sektori va tadbirkorlikni rivojlantirish sohalarini qamrab olgan. Ushbu tashabbuslar doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindi maydonlarini rekultivatsiya qilish va tashkil etish, Samarqandda energiya samarador arzon uy-joylar qurish, Surxondaryo va Namangan viloyatlarining suv taʼminotini, Xorazm viloyatida mintaqaviy yoʻllarni yaxshilash, jismonan va maʼnan eskirgan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va almashtirish hamda Toshkent viloyatida gidro loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Ayni paytda 2018-yilda qabul qilingan YETTBning 2018-2023-yillar uchun Oʻzbekistondagi faoliyati strategiyasi hayotga tatbiq etilmoqda.

Suma Chakrabarti Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan islohotlarning muhim ekanini koʻp bor taʼkidlagan va bank ulkan oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyor ekanini tasdiqlab kelgan. Chakrabarti janoblarining hamkorlikka qoʻshgan hissasi yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi-yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, suv va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligi oshishiga, yoʻl va turar joylar qurilishining kengayishiga, umuman, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

 

Abduvali SOYIBNAZAROV. OʻzA