Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan joriy yil 13-iyul kuni oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan fuqaro qutqarib qolindi.
Bu haqda Milliy gvardiya Axborot xizmati maʼlum qildi.
Karantin davrida xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchilar Nukus shahri markazidagi temir yoʻl va avtotransport yoʻli ustidan oʻtuvchi katta koʻprikka oʻzini osishga urinayotgan fuqaroni koʻrib qoladi. Milliy gvardiya xodimlarining tezkor harakati natijasida inson hayoti saqlab qolindi. Oʻrganish jarayonida, ushbu fuqaro Nukus shahrida yashovchi 1977-yil tugʻilgan D.I. ekanligi aniqlanib, oilaviy muammolar sabab oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan ekan. Tushuntirish ishlari olib borilgandan soʻng, D.I. profilaktik suhbat oʻtkazish uchun Ichki ishlar boʻlimiga olib kelindi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA