“Soha iftixori” koʻkrak nishoni taʼsis etildi

Oʻzbekiston Respublikasi «Oʻzarxiv» agentligining “Soha iftixori” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bu haqda mazkur agentlikning axborot xizmati maʼlum qildi.
«Oʻzarxiv» agentligining “Soha iftixori” koʻkrak nishoni bilan «Oʻzarxiv» agentligi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, milliy arxivlar, davlat arxivlarida va boshqa idoralarda faoliyat yuritayotgan, soha rivoji, taraqqiyotiga oʻzining sezilarli hissasini qoʻshgan, “Ustoz-shogird” anʼanalarini yoʻlga qoʻyishga jonbozlik koʻrsatib, asosiy ustozlik vazifasini bir necha yillardan buyon ado etib kelayotgan xodimlar taqdirlanadi.
Shuningdek, jamiyatimizda ushbu sohaning oʻrni va rolini kuchaytirish, xalqaro aloqalarni oʻrnatilgan tartibda yoʻlga qoʻyish, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirish ishlariga hissa qoʻshib kelayotgan, sohada oʻzidan munosib iz qoldirayotgan xodimlar ham taqdirlanishi koʻzlangan.
Koʻkrak nishonining old tomoni markazidan globus joy olgan boʻlib, pastki qismida qoʻllarda ochiq holatdagi kitob oq rangda, undan yuqori qismida odam boshi, undan yuqori qismida «Oʻzarxiv» agentligi logotipi zarhal rangda tasvirlangan. Koʻkrak nishonining chetki yon tomonlarida xalqimiz farovonligi va rizq-roʻzi ramzi boʻlgan timsollari bugʻdoy boshoqlari zarhal rangda tasvirlangan.

 

OʻzA