Darigʻa Nazarboyeva yangi lavozimga tayinlandi

Qozogʻiston Senatining eks-spikeri, Millat yoʻlboshchisi Nursulton Nazarboyevning toʻngʻich qizi Darigʻa Nazarboyeva otasining fondiga rahbarlik qiladigan boʻldi. Kuni kecha u fond direktori sifatida poytaxtdagi kovorking markaz ochilishida ishtirok etdi.

“Nursulton Nazarboyev fondi direktori Darigʻa Nazarboyeva „Kamkorlik“ kovorking markazining ochilish marosimida ishtirok etdi”, — deyiladi Nur-Sulton shahri hokimiyati saytida.

Mazkur markazni shahar maʼmuriyati bilan Nazarboyev fondi birgalikda tashkil etdi. Bu yerda koʻp bolali ayollar, yolgʻiz onalar, alohida parvarishga muhtoj bolalarni tarbiyalayotgan ayollar, kam taʼminlangan fuqarolar va ogʻir maishiy sharoitda yashayotgan bolalar, nogironlar oʻqitiladi.

“Nazarboyeva markazning moddiy-texnika bazasi bilan tanishib, xonalarni koʻzdan kechirdi”, deyiladi xabarda.

Mazkur markaz barcha yoʻnalishda oʻquv kurslarini tashkil etadi. Oziq-ovqat ishlab chiqarish, axborot texnologiyasi, guzallik sanoati, tikuvchilik, kigiz tayyorlash ishlari, media sohalari shular jumlasidandir. Markazda har yili 1 800 nafar ayol oʻqitiladi. Oʻquv kurslarining davomiyligi bir oydan uch oygacha boʻlgan muddatni oʻz ichiga olgan.

Markaz xodimlarining aytishicha, kurslarni tamomlagan ayollar oʻzlarining biznesini ochish imkoniyatiga ega boʻladi. Buning uchun ular “Mehnat” davlat dasturi boʻyicha 505 ming tenge miqdorida grant olishi mumkin.

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev shu yil may oyi boshida Nazarboyevaning Senatdagi raislik vakolatini toʻxtatgan edi. Shundan buyon El boshining qizi haqida hech narsa aytilmayotgandi. uning isteʼfosi sabablari haqida ham rasman hech narsa deyilmagan.

 

OʻzA