Kasb-hunar maktablariga qabul boshlandi

Bugun professional taʼlim muassasalarida oʻqigan yoshlar aniq ish oʻrniga, oʻz kasbi boʻyicha zarur ilmga, koʻnikmaga ega boʻlishi kerak. Shu maqsadda yangi tizimning asosiy prinsipi – avval ish oʻrni aniq boʻladi, ish beruvchi oʻzining malaka talablarini, shu kasbning ilmini, oʻqitish texnologiyasini beradi, shundan keyingina mutaxassis tayyorlanadi.
Shundan kelib chiqib, kasb-hunar taʼlimi tizimida taʼlim shakli ham, mazmuni ham, prinsiplar ham mutlaqo oʻzgardi.
Endilikda avvalgi 3 yillik taʼlim standartidan toʻliq voz kechib, tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, kasb-hunar maktablari 2 yillik taʼlim dasturlari asosida, kunduzgi taʼlim shaklida yoshlarning professional taʼlim olishini taʼminlaydi.
Kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarini kichik biznes va tadbirkorlik, oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat koʻrsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi sohalarga qamrab olish rejalashtirilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotiga koʻra, kasb-hunar maktablariga hujjatlarni onlayn qabul qilish 5-iyuldan boshlandi. Qabul onlayn tarzda kasb.edu.uz elektron platformasi orqali 20-iyulga qadar amalga oshiriladi.
Hujjat topshirish uchun ariza, shahodatnoma va 3×4 oʻlchamli fotosurat kerak boʻladi.
Professional taʼlim muassasalariga qabul jarayoni boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida 71-246-11-92 raqamli “Call center” tashkil etilgan.

OʻzA