Sektorlar rahbarlari endi jinoyatchilikka qarshi kurashda natija boʻyicha javob beradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi «Orzu” mahalla fuqarolar yigʻinida “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

“Orzu” Namangan shahrining oʻz nomiga munosib, orzu-havas qilsa arzigulik namunali mahallasi. 2013-yilda tashkil topgan mazkur mahallada namunaviy loyihalar asosidagi 830 ta hamda yakka tartibdagi 1 ming 682 ta uy mavjud. Bu yerda qariyb 12 yarim ming aholi maishiy qulaylik va imkoniyatlardan bahramand holda hayot kechirmoqda.

Davlatimiz rahbari 2017-yili viloyatga tashrifi chogʻida bu yerda boʻlib, Orzu mahallasi misolida aholiga qulayliklar yaratish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha butun mamlakatga namuna boʻladigan tizim taqdimoti bilan tanishgan edi.

Bugun ushbu mahalla qiyofasida mamlakatimizda xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, yurtdoshlarimiz ongu tafakkurida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar yaqqol ifodasini topgan. Hududda tashkil etilgan “Orzu” kichik sanoat zonasida 15 ta loyiha ishga tushirilib, 930 dan ziyod ish oʻrni yaratildi. Shundan qariyb 400 tasiga mahalla fuqarolari joylashdi. 1 ta bogʻcha, 650 oʻrinli maktab, dorixona, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, fitnes klubi, mini-futbol maydoni barpo etildi. Oʻtgan yili davlat xizmatchilari uchun 20 ta xizmat uyi qurib berildi.

Davlatimiz rahbarining mahallaga bu galgi tashrifi yana bir xayrli tashabbusning boshlanishiga turtki berdi. Bu yerda xavfsiz mahalla va Namanganda “aqlli shahar” loyihasini hayotga tatbiq etishga kirishildi.

Prezidentimiz mamlakatimizda yangilik boʻlgan loyiha – Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy geoaxborot monitoring va raqamli boshqaruv tizimi bilan tanishar ekan, eng katta masala jinoyatchilikni kamaytirishga erishish ekanini taʼkidladi.

Yangi tizimning maqsadi shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni uzluksiz oʻrganib borish, kundalik nazorat qilish, muammoli holatlarni dasturdagi tahliliy maʼlumotlar asosida tezkor bartaraf etish, qaror qabul qilishda yuqori samara beruvchi yangi innovatsion onlayn boshqaruv usuliga oʻtishdan iborat.

Mazkur tizimda barcha koʻrsatkichlar geoxarita orqali monitorda aks etadi. Jumladan, aholi soni, yolgʻiz keksalar, taʼlim muassasalari, mehnat bozori, investitsiyaviy loyihalar, kambagʻal oilalar, kriminogen muhit kabi maʼlumotlar uzluksiz kiritib boriladi.

Tajriba sifatida ishga tushirilgan bu tizim keyinchalik barcha sohalardagi elektron bazalarga ulanadi. Natijada shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarni onlayn kuzatish, vaziyatni xolis baholash, muammolarni nazoratga olish va kerakli chora-tadbirlar koʻrish mumkin boʻladi. Bu esa aholining osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlashda muhim samara beradi.

Davlatimiz rahbari viloyatdagi yoshlar va jinoyatga moyil qatlamni sektorlar tomonidan nazoratga olish va shu orqali jinoyatchilikni jalovlash boʻyicha hali tizimli ishlar qilinmayotganiga eʼtibor qaratdi. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura mutasaddilariga mahallalarda tinchlikni taʼminlashga toʻsqinliq qilayotgan omillarni oʻrganish, sektorlar ishlashi uchun qonunchilikka tegishli meʼyorlarni kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.

– Viloyatdagi sektorlar rahbarlari endi jinoyatchilikka qarshi kurashda natija boʻyicha javob beradi. Jinoyat qancha kamaydi, qaysi adashganni toʻgʻri yoʻlga qaytardi degan savollarga javob topish uchun mana shu tizimga oʻtayapmiz. Ham iqtisodiyotni, ham jinoyatchilikni, ham tinchlikni, ham adolatni joyiga qoʻysak, xalqimiz uchun munosib sharoit yaratgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallalarga tajriba tariqasida yoshlarni rais vazifalariga qoʻyish va shu orqali javobgarlik tizimini kuchaytirish, aholi bilan ishlash uchun psixolog kadrlar tayyorlashni kengaytirish, jinoyat sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Namanganda jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan viloyat sektorlari rahbarlarining axborotlari tinglandi.

 

Matnazar ELMURODOV, Akramjon SATTOROV, OʻzA