Shavkat Mirziyoyev “Nomaʼlum askar” yodgorligiga gul qoʻydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi davomida Moskva shahrining Aleksandr bogʻidagi “Nomaʼlum askar” yodgorligiga gul qoʻydi.

Umumbashariy ahamiyatga ega ushbu majmua Ikkinchi jahon urushi oʻchoqlarida Vatan himoyasi yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan turli millatga mansub millionlab askarlar, shu jumladan oʻzbek oʻgʻlonlarining ham unutilmas xotirasi uchun bunyod etilgan. “Isming nomaʼlum, jasorating barhayot” yozuvi bitilgan mazkur yodgorlik ajdodlarning koʻrsatgan qahramonligi va jasoratining ramziy ifodasidir.

Ikkinchi jahon urushi Oʻzbekiston sarhadlaridan olisda kechgan boʻlsa-da, uning suronli taʼsiri, iztiroblari hech bir oʻzbek xonadonini chetlab oʻtgan emas. Xalqimiz fashizm ustidan erishilgan gʻalabani taʼminlashga buyuk hissa qoʻshgan. Respublikamizdan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilib, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Urush oʻchogʻiga aylangan oʻlkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Saxovatli va tanti elimiz ularga oʻz uyidan joy berib, soʻnggi burda nonini ham baham koʻrgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev insoniyat tinchligi uchun jon fido qilgan vatanparvar insonlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

1966-1967-yillarda barpo etilgan mazkur majmuada abadiy olov alangalanib turadi. Unga Rossiya Federatsiyasining madaniy merosi obyekti maqomi berilgan.

 

O’zA