Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Elboshi Nursulton Nazarboyevga tez orada tuzalib ketishini, mustahkam sogʻlik va kuch-quvvat tiladi.
Muloqotda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning jadal rivojlanib borayotgan ikki tomonlama munosabatlari va iqtisodiyotlariga pandemiya oqibatlarining salbiy taʼsirini kamaytirish borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan birgalikda koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu boradagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni yana-da kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan Oʻzbekiston-Qozogʻiston amaliy hamkorligi kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro manfaatli aloqalarning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻndan ortiq yangi loyihani amalga oshirish nazarda tutilayotgan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” maʼqullandi.
Boʻlajak uchrashuv va tadbirlar rejasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot soʻngida ikki davlat yetakchilari Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O’zA