Orolboʻyi atrof-muhiti muhofazasi jamoatchilik muhokamasida

Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi jamoatchilik monitoringi natijalari muhokamasiga bagʻishlangan onlayn davra suhbati oʻtkazildi.

17-iyun – Butunjahon qurgʻoqchilik va choʻllanishga qarshi kurash kuniga bagʻishlangan tadbirda “Logos” nodavlat notijorat tashkiloti, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va Oʻzbekiston ekologik harakati, qator ekologik jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.Tadbirda asosiy eʼtibor tatbiq etilayotgan “Orolboʻyi boʻyicha Yoʻl xaritasining amalga oshirilishini jamoatchilik monitoringi” grant loyihasi doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Assotsiatsiyasi (ARGO) va USAIDning bevosita koʻmagida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga qaratildi.

Qayd etilganidek, 1994-yil 17-iyun kuni BMT tomonidan “Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiya qabul qilingan. Uni ratifikatsiya qilgan davlatlar oʻrtasida xalqaro hamkorlikni oʻrnatish, aholining mazkur muammo yuzasidan xabardorligini oshirish, shuningdek, qurgʻoqchilik oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli Trast fondining loyihalari Orol fojiasi oqibatlarining oldini olish, mintaqa aholisi salomatligi va atrof-muhitga choʻllanishning salbiy taʼsirini kamaytirishga yoʻnaltirilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Mutaxassislar tomonidan tayyorlangan “Yoʻl xaritasi”dagi ayrim tadbirlarning belgilangan muddatlarda bajarilmagani, foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligi aytildi. Jumladan, mahalliy tashkilotlar imkoniyatlari jalb qilinmagani tanqid qilindi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator muhim hukumat hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmagan. Shuningdek, bunday tadbirlarni amalga oshirishga fuqarolik jamiyati institutlari juda ham kam jalb qilingan.

– Hozirga qadar mazkur fondga mamlakatimizdan tashqari, Norvegiya, Finlyandiya kabi davlatlardan 26 million dollar miqdorda mablagʻ jalb qilingan, – deydi “Logos” nodavlat notijorat tashkiloti kengashi raisi Saidrasul Sanginov. – Endilikda ushbu moliyaviy yordamlardan unumli foydalanishimiz zarur. Ayniqsa, bu ishlarda keng jamoatchilik va yoshlar faolligini oshirish zarur. Bunda vazirlik va idoralar, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari ham masʼuliyat bilan yondashsa, saʼy-harakatlar toʻlaqonli bajarilsa, Orolboʻyida tabiiy ahvol yaxshilanishiga olib keladi.

Davra suhbati ishtirokchilari hududda yuzaga kelgan ekologik muammolar, jumladan, yangi “Orolqum” sahrosining paydo boʻlishi, ekotizimlar degradatsiyasining davom etishi bilan bogʻliq muammolarni hal etishda saʼy-harakatlarni birlashtirish, yangicha yondashuv va innovatsion texnologiyalarni talab etishini aytib oʻtdi. Muhokamalar boʻyicha yakuniy hujjat loyihasini tayyorlash va zarur vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshirish holati boʻyicha kelishib olindi.

 

Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA