Arxivlar – tarix koʻzgusi , hujjatli asosga tayangan yirik axborot manbai...

9-iyun – Xalqaro arxivlar kuni
Arxivlar – davlatning tarixini oʻzida mujassam etgan hujjatli asosga tayangan yirik axborot manbaidir, shu sabab “Arxivlar –tarix koʻzgusi” deya eʼtirof etiladi.
9-iyun kuni butun dunyoda “Xalqaro arxivlar kuni” keng nishonlanadi. Shu oʻrinda mazkur sananing nishonlanishi tarixiga biroz nazar tashlasak…
Har yili nishonlanadigan 9-iyun – Xalqaro arxivlar kuni Xalqaro arxivlar kengashi tomonidan 2007-yilda Kvebekdagi (Kanada) Bosh assambleyasida tashkil etilgan.
Mazkur sananing tanlanishi ham bejiz emas, zero 1948-yilda aynan shu sanada YUNESKO qarori bilan va uning homiyligida Xalqaro arxivlar kengashi tashkil topgan. Xalqaro arxivlar kunining birinchi bora nishonlanishi 2008-yilda Xalqaro arxivlar kengashi tashkil topganligining 60 yilligini keng nishonlash doirasida boʻlib oʻtgan. Bugungi kunga kelib, Xalqaro arxivlar kengashida 199 ta davlatdan 1900 ga yaqin aʼzolari mavjud.
Kengashning asosiy vazifasi dunyo arxiv merosini saqlash, muhofaza qilish va kengaytirish hamda xalqlarning oʻz tarixini oʻrganish va bilishga oid boʻlgan huquqlarini amalga oshirishda yordam berishdir.
Arxivlar kuni – arxiv ishi yutuqlari va muammolariga keng jamoatchilikni va qarorlar qabul qiladigan shaxslarning eʼtiborini qaratish maqsadida oʻrnatilgan sanadir. Mazkur sana keng miqyosda barcha arxiv xodimlari tomonidan kasb bayrami sifatida nishonlanadi.
“Oʻzarxiv” agentligi 2009-yildan Xalqaro arxivlar kengashining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. U Kengashning Yevrosiyo boʻlinmasiga aʼzo sifatida kiritilgan boʻlib, mazkur boʻlinma tarkibiga Armaniston, Belarus, Gruziya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Moldova, Mongoliya, Rossiya, Ukraina arxiv xizmatlari ham kirgan.
Oʻzbekiston arxivchilari Xalqaro arxivlar kengashi Yevrosiyo boʻlinmasining barcha anjumanlarida (har yili boʻlib oʻtadi), shuningdek Xalqaro arxivlar kengashining kongresslarida (har 4 yilda bir marotaba boʻlib oʻtadi) muntazam ishtirok etib boradi. Ushbu anjumanlardagi Oʻzbekiston arxivlari vakillarining ishtiroki dunyodagi arxiv ishi sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar, metodologiyalarni respublika arxivlariga joriy etish, xodimlarning malakalarini oshirish, tajriba almashish, Oʻzbekiston arxivlarining boy tarixiy merosini dunyoga tanitishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Oʻzbekiston markaziy davlat arxivlari negizida Oʻzbekiston milliy arxivlari tashkil etilganligi ularning Xalqaro arxivlar kengashiga mustaqil aʼzo boʻlish imkoniyatini yaratdi.
Respublikamizda har yili 9-iyun – Xalqaro arxivlar kunini nishonlash doirasida yangi qurilgan yoki kapital taʼmirdan chiqqan arxiv binosini foydalanishga topshirish, yosh arxivchilar forumini va boshqa qator tadbirlarni oʻtkazish anʼanaga aylangan.
OʻZBEKISTON ARXIVLARI TOʻGʻRISIDA QIZIQARLI MAʼLUMOTLAR:
Oʻzbekiston arxivlarida saqlanayotgan eng qadimiy hujjat IX asrga tegishli boʻlib, u Buxoro shohi Ismoil Somoniyning oʻz avlodlariga atab vaqf qilingan yerlar haqida;
Arxivlarda 1500 dan ortiq vaqf hujjatlari kolleksiyasi saqlanib, ularning eng uzuni 83 metr, eng qisqasi 20 santimetrni tashkil etadi;
Hujjatlarning asosi – teri, qogʻoz, kalka, shakllanishi – naqshinkor, rangli tuslarda;
Saqlanayotgan qadimiy hujjatlar asosan arab, fors-tojik va eski oʻzbek (turk), rus tillarida;
Arxiv hujjatlari davriyligi nuqtayi nazardan uch davrni, yaʼni tarixiy davr (1917-yilgacha boʻlgan), Shoʻrolar davri (1917-1991-yilgacha) va Mustaqillik davri (1991-yildan to hozirgi kunga qadar) tashkil etadi;
Arxivlarda 800 ming saqlov birligidan ortiq alohida qimmatli hujjatlar saqlanmoqda, ular jumlasidan, “Vaqf hujjatlari kolleksiyasi” (IX asrdan – XX asr boshigacha), “Xiva xonlari kanselyariyasi ” (XVII asr boshi – XX asr boshigacha), “Buxoro amirligi” (XIV asr boshi – XX asr boshigacha), “Qoʻqon xonligi” (XVIII asr boshi – XIX asr oxirigacha) va boshqalar;
Saqlanayotgan hujjatlarning noyobligi va dunyo tamadduni tarixidagi oʻrnining ahamiyatli ekanligini inobatga olib, YUNESKO tomonidan 2017-yilda “Xiva xonlari kanselyariyasi” hujjatlari (20 ming saqlov birligidan ortiq) “Jahon xotirasi” dasturining Xalqaro roʻyxatiga kiritildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari arxivlari orasida Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot milliy arxivi birinchi boʻlib va bugungi kunda yagona ISO 9001:2008 sifat menejmenti tizimi sertifikati hamda ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi sertifikatiga ega boʻldi va bugungi kunda “Sifatli hamda aniq muddatda arxiv xizmatlarini koʻrsatish” shioriga amal qilgan holda faoliyat yuritmoqda.
Shu oʻrinda 9-iyun – Xalqaro arxivlar kuni munosabati bilan barcha arxiv xodimlarini, shu jumladan vazirlik, idora va tashkilotlarning idoraviy arxivlari xodimlarini kasb bayramlari bilan qutlaymiz.
Dildora Kucharova, “Oʻzarxiv” agentligi direktori oʻrinbosari

 

O’zA