Yozgi taʼtil mazmunli oʻtadi

Xalq taʼlimi vazirligi joriy yil yoz mavsumida bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish maqsadida “Yoz – 2020” shtabini tashkil etdi. Maktablar qoshidagi 156 ta statsionar oromgohda jami 70 ming 318 nafar oʻgʻil-qizning dam olishi rejalashtirilmoqda.
Oromgohlarda taʼlim-tarbiya ishlarini tashkil etishning uslubiy taʼminotini yoʻlga qoʻyish maqsadida oromgoh rahbarlari, pedagoglar hamda toʻgarak rahbarlari uchun uslubiy qoʻllanmalarning elektron shakllari tayyorlandi. Oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish yuzasidan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish boʻyicha qoʻllanmalarga tegishli maʼlumotlar kiritildi.
Joriy mavsumda maktablar qoshidagi 156 ta statsionar oromgohda 2 ming 639 nafar pedagog va 95 885 dona bolalar adabiyotiga oid kitobga ehtiyoj mavjud. Ayni paytda 732 nafar yetakchining roʻyxati tuzildi. Mazkur kadrlar joriy yilning 5-10-iyun kunlari onlayn shaklda 36 soatlik maxsus oʻquv dasturi boʻyicha oʻqitilayapti.
Oʻquvchilar uchun “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida nashr etilgan 47 nomdagi badiiy adabiyot hamda kitob.uz platformasidan foydalanish boʻyicha sharoit yaratiladi. Shu bilan birga, yoz mavsumida pedagog xodimlarning belgilangan tartib asosida ish olib borishi uchun oromgohlarda faoliyat koʻrsatadigan pedagog-xodimlarning namunaviy ish rejasi tayyorlandi.
Oʻquvchilarning yoz mavsumida boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Onlayn-toʼgarak” videodarslarining ham ahamiyati katta boʻlishi, shubhasiz. Bunda oʻquvchilarga 40 nafar toʻgarak rahbari tomonidan 14 nomdagi ingliz tili, texnik ijodkorlik, musiqa va boshqa ijodiy toʻgaraklar hamda internet tarmogʻi orqali pul topish boʻyicha videodarslar oʻtiladi. Bu esa, oʻz navbatida, respublikadagi jami 4 million nafarga yaqin bolaning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, yoz mavsumida uyda oʻtirgan bolalar uchun telegram ijtimoiy tarmogʻida ochilgan 3 ta kanalda 6 ta koʻrik-tanlov oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ushbu tadbirlarga jami 340 ming nafardan ortiq oʻquvchini jalb qilish koʻzda tutilmoqda.

 

N.USMONOVA, OʻzA