Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida yangi oʻquv yili boshlandi

Bugun, 8-iyun kuni Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Dilshod Choriyev qoʻshinlarda yangi 2020-2021 oʻquv yilini ochib berdi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlash joizki, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yangi askarlar kelishi bilan har yili yangi oʻquv yili mavsumi boshlanadi.
Yangi oʻquv yilining ochilish marosimida harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni shaxsiy tarkibga mudofaa vazirining harbiy xizmatchilarga yoʻllagan murojaatini oʻqib eshittirdi.
Jumladan, mudofaa vaziri murojaatida oʻtgan mavsumda qoʻshinlarda 60 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha tanlov va musobaqalar, xorijiy davlat armiyalari bilan turli qoʻshma oʻquvlar oʻtkazilgani taʼkidlangan.
“Tom maʼnoda tarixiy ishlarimiz natijasida Mudofaa vazirligining 14 ta jamoasi “ArMI – 2019” Xalqaro armiya oʻyinlarida qatnashib, ularning 11 tasida sovrinli oʻrinlarni egalladi, Mudofaa vazirligi terma jamoasi Xitoyda oʻtkazilgan Xalqaro armiya sport oʻyinlarida birinchi marta ishtirok etib, 100 dan ortiq ishtirokchi davlatlar orasida eng kuchli oʻntalik qatoridan joy oldi.
Razvedka boʻlinmalari Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan “Kembriya patruli” va AQSHda maxsus qoʻshinlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor jangchi” musobaqalarida faxrli 1-oʻrinni egalladi”, deya murojaatda eʼtirof etilgan.
Mudofaa vazirligi rahbariyatining tashabbusi bilan 2020-2021 oʻquv yilida qoʻshinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish boʻyicha tadbirlar “Jangovar vzvod yili” shiori ostida tashkil etiladi.
Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻtgan oʻquv mavsumida erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, qoʻshinlarni yangi marralarni zabt etishga ruhlantirdi. Har bir harbiy boʻlinma boshqa boʻlinma bilan raqobatbardosh, sogʻlom muhitda musobaqalashishi kerakligini taʼkidladi.
Barcha harbiy qism komandirlari ham bildirilgan yuksak ishonchga munosib javob qaytarish, belgilangan vazifalarni sidqidildan, sadoqat bilan bajarishga vaʼda berishdi.
Tantanali marosimdan keyin boʻlinmalarda oʻquv yilining ilk mashgʻulotlari tashkil etildi. Unda dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, harbiy intizom va harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash, harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan muomalada boʻlganda xavfsizlik talablariga rioya etish borasida maʼruzalar tinglandi. Yangi keladigan muddatli harbiy xizmatchilar bilan mashgʻulotlar va boshqa tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.

 

OʻzA