Globallashuv jarayonida OAV ning roli

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Globallashuv jarayonida ommaviy axborot vositalarining roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya boʻlib oʻtdi.

Onlayn formatda tashkil etilgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Qozon federal universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti, Kiyev davlat universiteti, Belarus davlat universiteti, J.Balasagʻun nomidagi Qirgʻiziston davlat universiteti, Osh davlat universiteti olimlari, “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasining Bosh muharriri, senator G.Annaqilicheva, Oʻzbekistonning barcha hududlaridan soha olimlari,OAV vakillari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Maʼruzachilar taʼkidlaganidek, bugun davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish birinchi navbatda ommaviy axborot vositalarida namoyon boʻladi. Shu sababli jurnalistlarning bajaradigan vazifalari juda ham koʻp va masʼuliyatlidir. Eng avvalo, ular doimo hayotiy haqiqatni tasvirlashi lozimligini hech qachon unutmasligi lozim. Bu – jurnalistikaning hech qachon oʻzgarmas shartlaridan biri.

Bugun jahon axborot maydoni kun sayin kengayib, globallashuv davrida dunyo jurnalistikasining oldiga katta maʼsuliyatli vazifalar qoʻyilmoqda. Jahon miqyosidagi global muammolarning toʻgʻri yechimini topishda jurnalistlarning faolligi talab qilinadi. Shu bois, milliy jurnalistikaning xalqaro media makonida oʻzining munosib oʻrnini egallashi bugungi kunda eng ahamiyatli vazifa boʻlib qolmoqda.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda jurnalistikaning erkinligi taʼminlanadigan, demokratik talab va standartlarga toʻliq javob beradigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani taʼkidlandi. Ommaviy axborot vositalarining soni borgan sari koʻpayib, imkoniyatlari yana-da kengaymoqda. Bu jarayon, albatta, yurtimiz media bozorining faol rivojlanayotganligidan darak beradi. Shu sababli bugungi kunda boʻlajak jurnalist kadrlarning yangi avlodini, oʻz kasbining yetuk mutaxassislarini tayyorlash masalasi katta ahamiyatga ega.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA