Taqdir gardishi inson boshi uzra qay tomonga qarab aylanmasin, kishi oʻzini munosib tutgan holda chin bandalik yoʻli – shukronalikda mustahkam turishi lozim.Muqaddas islom dinida shukrga buyuk ibodat sifatida qaraladi. Bandalarini hamisha va har qachon shukr qilishga buyurgan Alloh birinchi navbatda oʻzini shukr qiluvchi deb atagan: “Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh shukr qiluvchi va biluvchidir” (“Baqara” surasi, 158 oyat).
Aslida, shukrni banda qilishi lozim. Bu oyatda esa, Alloh oʻzini shukr qiluvchi, deb taʼriflayapti. Bu – bandaning oz qilgan amaliga ham koʻp savob berish bilan uni mukofotlaydi, deganidir.
Hayotimiz chek-chegarasiz moddiy-maʼnaviy neʼmatlar bilan oʻralgan. Ilm-maʼrifat, sogʻlik, mol-davlat, farzand, qadr-qimmat singari inʼomlar bilan siylanganmizki, bularning barchasi tafakkur va tadabbur qilishga undaydi. Neʼmat yetganda uning shukrini unutish, musibat yetganda esa umidsizlikka uchrab, tugʻyonga ketish zaif va irodasizlar ishidir. Bu haqda Qurʼoni karimda shunday deyiladi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) inʼom etsak, u (shukr qilishdan) yuz oʻgirib, oʻz holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambagʻallik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid boʻlur”.
Chin moʻminga xos boʻlgan xislat xursandchilikda shukr qilib, musibat yetganda sabr qilishdir. Inson hayoti davomida duch keladigan har qanday holatni oʻzining foydasiga burishi, undan dunyo va oxirati uchun foyda olish imkoniyatiga ega. Suhayb roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deganlar: “Moʻminning ishi ajoyib. Uning barcha ishi yaxshilikdir. Bu faqat moʻmin uchungina xosdir. Agar unga xursandchilik yetsa shukr qiladi, buning uchun unga yaxshilik boʻladi. Agar unga zarar yetsa sabr qiladi, buning uchun unga yaxshilik yetadi”.
Hayotimiz, turmush tarzimiz haqida mushohada yuritsak bizdan toʻsilgan neʼmatlarga nisbatan inʼom etilganlari juda koʻpligini anglab yetamiz. Olayotgan har bir nafas, jismimizning sogʻlomligi hech bir narsa bilan qiyoslab boʻlmaydigan darajadagi boylikdir. Biroq tanglik yetganda neʼmatlarning barchasini unutib, betoqat boʻla boshlaymiz, taqdirimizdan noliymiz.
Rivoyatlarda aytilishicha, hayotining tangligidan noliyotgan kishiga qarab bir donishmand: “Mana shu koʻzingni sotsang yuz ming dirham beraman”, debdi. Kishi unamabdi. “Ikki qoʻling uchun yuz ming dirham beraman”, deganda kishi yana koʻnmabdi. “Unda ikki oyogʻing uchun yuz ming dirham beraman”, deb jismidagi boshqa aʼzolarini shu zayil birma-bir savdolashib ketibdi. Kishi barchasiga “Yoʻq”, deb javob qaytaraveribdi. Soʻngra donishmand “Senda yuz minglab dirhamlik boylik borligini koʻrdim. Sen boʻlsa muhtojman deb shikoyat qilmoqdasan”, deb dashnom bergan ekan.
Yaxshiliklarning bardavom boʻlishi shukronaligimizga bogʻliqdir. Neʼmatlarning ziyoda boʻlishini xohlagan kishi uning shukrini ado etishi kerakligi Qurʼoni karimda quyidagicha izohlanadi. “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yana-da) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7 oyat).
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan ham shu maʼnodagi quyidagi oʻgitlar rivoyat qilingan: “Neʼmat shukrga bogʻlangandir. Shukr esa ziyoda boʻlish bilan aloqador. Har ikkisi teng biriktirilgan. Bandadan shukr toʻxtamaguncha Alloh tomonidan ziyoda qilish toʻxtamaydi”.
Shukr qilish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, balki oʻzidagi moddiy va maʼnaviy neʼmatlar haqida koʻp mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda boʻlishini tasavvur etish, oʻzidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni oʻzidagi neʼmatlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi inʼom etuvchiga ham manzur boʻladi. Natijada neʼmatning yana-da ziyoda boʻlishiga sabab boʻladi. Aksincha, noshukrlik, nonkoʻrlik kabi holatlar inʼom etuvchida nafrat va gʻazab paydo boʻlishiga olib keladi. Natijada bergan neʼmatlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yoʻli bilan jazolashi joiz boʻlib qoladi.
Hasan Basriy aytadi: “Alloh xohlaganicha neʼmat berishi mumkin. Agar neʼmatga shukr qilinmasa, uni azobga aylantiradi. Shuning uchun shukrni “saqlovchi” deb nomlashgan. Chunki u bor neʼmatlarni muhofaza qiladi. Yana uni “jalb” qilguvchi ham deyishgan. Chunki u yoʻq neʼmatni jalb qiladi”.
Oʻtgan solih insonlar hayotini oʻrgansak, shukronalik borasida yuksak namunalarga guvoh boʻlamiz. Ularning shukr qilishdagi tushunchalari bizning tushunchamizdan ancha yuqori turgan. Ular neʼmat yetganda emas, balki qiyinchilik yetganda shukr qilganlar, yaxshilik yetganda esa uni boshqalarga ilinganlar. Shaqiq Balxiy bir solih kishiga uchrab: “Ey birodar, menga kengchilik va tanglikdagi holatingizni sifatlang” deb murojaat qilibdi. U kishi: “Biz berilsak shukr qiladigan, toʻsilsak sabr qiladigan qavmmiz”, deb javob qaytaribdi. Shaqiq esa “Bu Balx itlarining holiku”, deganda u kishi ajablanib, “Unda sizlarning kengchilik va tanglikdagi holatingiz qanday?” deb soʻrabdi. Shaqiq bunga “Biz toʻsilsak sabr qiladigan, berilsak boshqalarga ulashadigan qavmmiz”, deb javob qaytargan ekan.
Bugungi kunda dunyo ahli boshiga turli sinovlar kelmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi osuda kunlarimiz qadri naqadar yuksakligini har daqiqa bizga eslatadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, bu kasallik haqida chuqur oʻylasak, undan koʻplab hikmatlarni ilgʻab olamiz. Avvalo, koʻplab qudratli davlatlar pandemiya oldida ojiz qolayotgan vaqtda Oʻzbekistonda kasallik jilovlanganini koʻrdik. Xalqimizda birdamlik, olijanoblik, oʻzgalar dardi bilan yashash hissi mustahkamligiga guvoh boʻldik. Bularning barchasi uchun albatta, shukr qilamiz.