Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida prokuratura organlari faoliyatiga oid hisobot eshitildi.
Bosh prokuror N.Yoʻldoshev qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi.
Har bir sohaga masʼul xodimlar biriktirilgan hamda qonun hujjatlarining ijrosini muntazam monitoring va tahlil qilib borish joriy qilingan.
Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni amalda bartaraf etish doimiy eʼtiborda.
Xususan, 2019-yilda tegishli idoralar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj fuqarolarning 167 ming 509 muammosi hal etilgan, 3 ming 521 nafar fuqaroning qariyb 7 mlrd. soʻm ish haqi, pensiya va nafaqa puli undirib berildi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilib, 7 ming 584 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi. 15 ming 961 nafariga turli muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashildi.
Prokurorlar koʻmagida 15 ming 446 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, faoliyati toʻxtab qolgan 11 ming 981korxona faoliyati tiklandi.
Prokurorlar tashabbusi bilan 600 nafar tadbirkor eksport faoliyatiga jalb etilgan boʻlib, hozirgi pandemiya sharoitida ham bu ishlar davom ettirilib, 3 ming 379 eksportyorning har biriga prokuratura xodimlari biriktirilgan holda, karantin cheklovlari tufayli eksport faoliyati toʻxtab qolishining oldini olish choralari koʻrilmoqda.
Tegishli idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan xatlovlarda 36 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekin yer maydoni noqonuniy ajratib berilgani, 10 ming gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallab olingani, 4 ming gektarda noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgani aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan.
OʻzA