Fan va texnika sohasidagi Davlat mukofotlariga quyidagi talablarga javob beradigan ishlar qabul qilinadi:
– respublika fanini rivojlantirishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishiga kuchli ta’sir qilgan kashfiyot, ixtiro va ilmiy ishlanmalar, jahon miqyosidagi eng ilg‘or standartlarga mos bo‘lgan va amaliyotga katta samara bilan joriy etilgan yangi texnika va texnologiyalar (birinchi darajali mukofot uchun);
– respublika fanining muayyan tarmoqlarini rivojlantirishga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgan va xorijiy mamlakatlarda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ixtirolar, ilmiy ishlanmalar, ta’lim muassasalari uchun darsliklar, ilg‘or standartlarga mos bo‘lgan va ishlab chiqarishga samarali joriy qilingan yangi texnologiyalar (ikkinchi darajali mukofot uchun).
Adabiyot sohasidagi Davlat mukofotlariga quyidagi talablarga javob beradigan ishlar qabul qilinadi:
– o‘zbek adabiyotini rivojlantirishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan, keng madaniy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan, xalqaro miqyosda milliy adabiyotimizning obro‘-e’tiborini ko‘tarishga xizmat qilgan yuksak badiiy saviyadagi she’riy, nasriy va dramatik asarlar, o‘zbek adabiyoti eng nodir asarlarining xorijiy tillarga tarjimalari hamda adabiyotshunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlar (birinchi darajali mukofot uchun);
– zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojida munosib o‘rin egallagan yuksak saviyadagi badiiy va publitsistik asarlar, jahon adabiyotining milliy ma’naviyatimizni boyitishga xizmat qiladigan yetuk asarlarining o‘zbek tiliga tarjimalari, adabiyotshunoslik sohasidagi tadqiqotlar hamda adabiyot darsliklari (ikkinchi darajali mukofot uchun).
San’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlariga quyidagi talablarga javob beradigan ishlar qabul qilinadi:
– respublikada madaniyat, san’at va me’morchilikni rivojlantirishga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shilgan, keng jamoatchilik tomonidan hamda xalqaro miqyosda e’tirof etilgan, eng yuksak badiiy saviyadagi san’at va me’morchilik asarlari (birinchi darajali mukofot uchun);
– respublikada madaniyat va me’morchilikni rivojlantirishga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgan, keng jamoatchilik va ijodkorlar tomonidan e’tirof etilgan, yuksak badiiy saviyadagi san’at va me’morchilik asarlari (ikkinchi darajali mukofot uchun).
Davlat mukofoti shaxsiy xarakterga ega va qoidaga ko‘ra bitta shaxsga beriladi. Davlat mukofotiga tavsiya etilgan ishda bir necha shaxsning hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan taqdirdagina Davlat mukofoti mualliflar jamoasiga berilishi mumkin. Mualliflar jamoasi besh kishidan oshmasligi kerak.
Bir necha shaxslar tomonidan bajarilgan ishlarni mukofotga taqdim etishda da’vogarlar jamoasiga faqat ishni bajarishda bevosita ijodiy ishtiroki eng yuksak darajada va hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy mualliflargina kiritiladi. Mualliflar jamoasi tarkibiga maslahatchilik, ma’muriy va tashkiliy ishlarni bajargan shaxslarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mualliflar jamoasi tarkibiga vafot etgan, lekin ishning bajarilishida qo‘shgan hissasi ahamiyatga ega bo‘lgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Davlat mukofotiga hukumatning boshqa mukofoti bilan ilgari taqdirlangan mualliflar ham istisno tariqasida tavsiya etilishi mumkin.
Fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohalaridagi Davlat mukofotlariga ko‘rsatilayotgan ilmiy tadqiqot, adabiy va badiiy asarlar matbuotda e’lon qilingan, texnika va texnologiyalar bo‘yicha bajarilgan ishlar ishlab chiqarishga joriy etilgan bo‘lishi kerak.
Musiqa, teatr, kino, tasviriy va boshqa xil san’at asarlari konsertlar, ko‘rgazmalar, teatrlar, radio va televideniye orqali e’lon qilingan, keng jamoatchilikka tanishtirilgandan keyin, me’morchilik asarlari bo‘yicha ob’ektlar esa foydalanishga topshirilgandan so‘ng bir yil o‘tgach tavsiya etilishi mumkin.
Fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohalaridagi Davlat mukofotlariga taqdim etiladigan har bir ishga tavsiya etuvchi tashkilot tomonidan tavsiyanoma yoziladi va unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
– muallifning (mualliflar jamoasi uchun – har bir muallifning) familiyasi, ismi va otasining ismi (pasport yoki ID-karta bo‘yicha), tug‘ilgan yili va joyi, yashash manzili, ishlash joyi yoki faoliyat turi, ilmiy darajasi va unvoni (mualliflarning familiyalari alifbo tartibida ko‘rsatiladi);
– ishning nomi;
– ishning taqdim etilishini asoslovchi natijalar, texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, amalga oshirilish ko‘lami;
– ishning tugallangan, nashr qilingan, qurilgan, jamoatchilikka ko‘rsatilgan va ishlab chiqarishga joriy etilgan vaqti.
Tavsiya xati taqdim etayotgan tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak. Rahbarning o‘zi mukofotga da’vogarlar tarkibiga kirgan holatdagina xatni rahbar o‘rinbosari imzolaydi.
Tavsiyanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
– ishni taqdim etish haqida uning nomi, mukofotga da’vogarlarning familiyasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatilgan holda muassasa ilmiy yoki ilmiy-texnika kengashi, vazirlik hay’ati va boshqa tegishli nazorat-maslahat organi majlis bayonnomasidan ko‘chirma;
– ishning qayerda amalga oshirilgani, vaqti, salmog‘i hamda uning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan tavsifi qayd etilgan holda qisqacha mazmuni (hajmi 10 sahifadan oshmasligi, muallif(lar) tomonidan imzolanishi kerak);
– buyurtmachi tashkilot bo‘ysunadigan vazirlik yoki idora rahbariyati roziligini tasdiqlovchi hujjatlar (agar mukofotga tavsiya etilgan tadqiqot ishi buyurtmaga ko‘ra bajarilgan bo‘lsa);
– mualliflar jamoasi tomonidan bajarilgan ishlar uchun har bir muallifning ishga qo‘shgan ijodiy hissasi aniq ko‘rsatilgan, har bir muallif tomonidan imzolangan va notarial tasdiqlangan dalolatnoma;
– har bir muallif uchun 4×6 sm. o‘lchamli rangli fotosurat yopishtirilgan xodimlarni hisobga olish varaqasi hamda ma’lumotnoma (elektron varianti bilan);
– muallif(lar) pasport yoki ID-kartasi nusxasi;
– qo‘shimcha 4 dona 4×6 sm. o‘lchamli fotosurat;
– ilmiy ishlar, adabiy va dramatik asarlar, tarjimalar, darsliklarning nashrlari, mashina va mexanizmlar, yangi materiallar, konstruksiyalar tavsiflari, ishlab chiqarishga joriy etilgan ishlarning dalolatnomalari, qurilgan imoratlar va ixtirolarning bayonlari, qo‘shimcha chizma, sxema, xarita, fotoalbom va maketlar, san’at asarlarining yozma, ovozli yoki video yozuv, tasvir, hajmli-fazoviy va boshqa shakllarda chop etilgan nusxalari.
Eslatma: ta’lim muassasalari uchun darsliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning xulosalari ilova qilinadi.
Mukofotga tavsiya etilgan ish va unga oid hujjatlar uch nusxada topshirilishi kerak.
Taqdim etiladigan hujjatlar nusxalarining har bir yig‘masi alohida jildga solinadi. Chop etilgan ilmiy, adabiy, badiiy asarlar yoki alohida muqovalangan ishning bayonidan bir nusxadan ham jildga solinadi. Jild ustiga ishni taqdim etuvchi muassasa nomi, ishning nomi va muallif(lar) familiyasi, ismi va otasining ismi to‘liq yoziladi.
Fan va texnika sohasidagi Davlat mukofotlariga tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan, adabiyot, san’at va me’morchilik sohalaridagi Davlat mukofotlariga tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga taqdim etiladigan ishlarga qo‘yiladigan talablar bilan tanishish va lozim bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha quyidagi manzillarga murojaat qilish mumkin:
Fan va texnika sohasidagi Davlat mukofotlari bo‘yicha:
100047, Toshkent shahri,
Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uy, 315, 317-xonalar,
tel.: 71– 236-77-07, 236-59-46;
Adabiyot, san’at va me’morchilik sohalaridagi
Davlat mukofotlari bo‘yicha:
100011, Toshkent shahri,
Navoiy ko‘chasi, 30-uy, 308-xona.
tel.: 71– 244-27-79.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasining adabiyot, san’at va me’morchilik sohalaridagi davlat mukofotlari bo‘yicha kengash.