Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, go‘zal Bishkek shahrida sammitimiz yuksak darajada tashkil etilgani va ko‘rsatilayotgan an’anaviy mehmondo‘stlik uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda barcha sohalarda olib borilayotgan jadal islohotlar va tub o‘zgarishlarga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bugun tadbirimiz o‘tayotgan ushbu muhtasham majmua ham bu so‘zlarimizning yaqqol dalilidir.

Mamlakatda siyosiy-ijtimoiy barqarorlik ta’minlanayotgani, zamonaviy sanoat va infratuzilma ob’ektlari barpo etilayotgani, davlatning xalqaro obro‘si va nufuzi oshayotgani yaqin qardosh sifatida bizni cheksiz quvontiradi.

Qirg‘iz tomonining Tashkilotimizda iqtisodiy integratsiya, umumiy taraqqiyot, raqamli kelajak va xavfsizlik yo‘nalishlarida sheriklikni asosiy maqsad etib belgilagan raisligi davri muvaffaqiyatli o‘tishiga tilakdoshman.

Fursatdan foydalanib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevni ham tuzilmamizda “Turkiy davr!” shiori ostida o‘tgan samarali raisligi bilan chin dildan tabriklayman.

Hurmatli hamkasblar!

Ming afsuski, Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlarimizdan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus oldi. Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.

Albatta, bularning salbiy ta’siri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarimizga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda, desam, bu – ayni haqiqatdir.

Tashkilotimiz doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiqdir.

Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.

Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir.

Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilamiz.

Xavfsizlik haqida to‘xtalganda, Afg‘oniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz.

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Bugun Tashkilotimizning tarixiy hujjati – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘pqirrali hamkorlikning yorqin ifodasidir. Aminmanki, biz shu asosda Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeini oshirish, o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga erishamiz.

Sammitimiz kun tartibidan kelib chiqib, bir qator ustuvor yo‘nalishlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, Tashkilotimizning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahakamlash tarafdorimiz.

Biz Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshligi to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni taklif etamiz. O‘ylaymanki, ushbu keng qamrovli xujjatning ishlab chiqilishi tuzilmamiz faoliyatini yanada yuksak siyosiy pog‘onaga ko‘taradi.

Ikkinchidan, Tashkilotimiz doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish bo‘yicha niyatimiz qat’iydir.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarimizning tashqi tovar aylanmasida o‘zaro savdomiz ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importimizning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada vaziyatni keskin o‘zgartirish vaqti keldi.

Eng avvalo, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim.

Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini o‘tkazish ayni muddao bo‘lar edi.

Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma dasturini qabul qilishimiz kerak. Bu ustuvor vazifalarni mamlakatlarimizning Bosh vazir o‘rinbosarlari zimmasiga yuklasak, albatta natijasi tezda ko‘rinadi.

Uchinchidan, bugungi og‘ir global iqtisodiy sharoitda eng dolzarb muammo – bu investitsiya jarayonlarining uzluksizligini ta’minlashdir.

Jahon moliya bozorida kapitalga bo‘lgan talab va uning narxi tobora oshib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlar uchun uzoq muddatli va “yashil” kreditlar ajratish shartlari qiyinlashmoqda.

Biz Tashkilotimiz doirasida moliyaviy instrumentlarni joriy etishga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Turkiy investitsiya jamg‘armasi ishini faollashtirish, bizning tashabbusimiz bo‘lgan Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz.

Mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga xalqaro moliya institutlari va chet el investitsiya kompaniyalarini keng jalb etish ham dolzarb vazifadir. Bu borada Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni taklif qilamiz va uning ilk tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz.

To‘rtinchidan, yana bir ustuvor masala – bu transport koridorlaridan samarali foydalanishdir.

O‘rta koridor bo‘ylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish umumiy manfaatlarimizga to‘la javob beradi.

Tashkilotimiz doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolashga chaqiramiz.

Bunday dolzarb masalalarni biznes vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz.

Beshinchidan, kelajak iqtisodiyotini keng joriy etishga qaratilgan Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.

Mazkur konsepsiya mamlakatlarimizda to‘plangan ilg‘or tajriba va IT sohasidagi yutuqlarni o‘zaro almashish, innovatsiya, infratuzilma va ilm-fan bo‘yicha raqamli tizimlarni, yirik data-markazlarini yaratishga xizmat qiladi.

Oltinchidan, kelgusi hafta Bokuda COP-29 global sammiti o‘z ishini boshlashi bilan Ozarbayjon Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni yana bir bor samimiy tabriklab, katta omadlar tilayman.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘tkir ekologik muammolarga yechimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish zarurligini ta’kidlab, uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligimizni bildiramiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qardosh xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining ko‘p jildli majmuasini a’zo mamlakatlar tillarida nashr etsak, manzur ish bo‘lar edi.

Bu borada “Turkiy mamlakatlar tarixi” kabi fundamental tadqiqotlarni birgalikda yaratish dolzarb vazifamizdir. Shu bilan birga, turkiy tillardan bevosita tarjima qilishni rag‘batlantirish, maktablarimizda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va san’ati haqida fakultativ darslarni yo‘lga qo‘yish lozim, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda O‘zbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga to‘laqonli a’zo bo‘lishga tayyorligini bildiraman.

Qadrli do‘stlar!

Bugun “Turkiy dunyo Oliy ordeni” bilan mukofotlanayotgan Vengriya Bosh vaziri hurmatli Viktor Orban janoblarini qizg‘in tabriklayman.

So‘zimning yakunida bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman.

Tashkilotimiz doirasidagi amaliy hamkorligimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda o‘z pozitsiyalarimizni mustahkamlash, turli tahdid va yangi xavf-xatarlarning oldini olish, aloqalarimizni yanada chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Aminmanki, bugungi sammitimiz natijalari Turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish borasidagi ulkan rejalarimizga munosib hissa qo‘shadi.