Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2024” 20-xalqaro ko‘rgazmasining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICAE urasia Group” tomonidan tashkil etilgan tadbirda 14 mamlakatdan 70 ta kompaniya ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda transport sohasi iqtisodiyotning asosiy tarmog‘i hisoblanadi. Yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari, xomashyo, energiya resurslari va tayyor mahsulotlarni yetkazib berish, aholi va turistik oqimlar rivoji aynan ushbu yo‘nalishga bog‘liqdir.
– O‘z navbatida, logistika sohasi transport tizimining eng muhim qismlaridan biri sanaladi, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova. – Bu yo‘nalishdagi faoliyat yuklarni saqlash, tashish, tarqatish va ularni samarali boshqarishni o‘z ichiga oladi. Har bir bosqichda resurslarni oqilona ishlatish va xarajatlarni kamaytirishga e’tibor qaratilgani sababli, logistika iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirib, bozor talablariga tezkor javob berishga yordam beradi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va logistika zanjirlarini avtomatlashtirish esa sohaning samaradorligini yanada oshirmoqda. Bugun o‘z ishini boshlagan ko‘rgazma aynan shunday talablar ijrosida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu yilgi ko‘rgazmada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus, Koreya Respublikasi, Latviya, Litva, Rossiya, Turkiya, Fransiya kabi davlatlardagi temir yo‘l, avtomobil, konteyner, dengiz va havo transporti, port majmualari, terminallar, bojxona brokerlari va logistika provayderlari, IT-yechimlar ishlab chiqaruvchilari o‘z imkoniyatlarini namoyish etyapti.
Aytish joizki, transport va logistika sohalarining rivojlanishi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, infratuzilmaning takomillashuvi, davlat qo‘llab-quvvatlovi va xalqaro hamkorliklar darajasiga bog‘liq. Shu bilan birga, bozor talablarini tahlil qilish va yangi yechimlarni tatbiq etish ham sohaning uzluksiz rivojini ta’minlaydi. Innovatsiya va raqamli yechimlar esa operatsiyalarni tez va samarali bajarishga yordam beradi.
Uch kun davom etadigan tadbir ushbu sohalardagi eng yangi yutuqlar va innovatsion yechimlarni namoyish qilish, ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA