Senat yalpi majlisi: Yer uchastkasi noqonuniy olib qoʻyilgani uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Senatorlar “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni koʻrib chiqdi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Jinoyat kodeksi “Yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish” uchun javobgarlik belgilangan besh qismdan iborat modda bilan toʻldirilmoqda.
Ushbu moddaning birinchi qismiga koʻra, yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy ishlar yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazo belgilash nazarda tutilmoqda.
Moddaning ikkinchi qismida esa javobgarlikni ogʻirlashtirilgan holatlar koʻrsatilgan boʻlib, yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish – olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlar yoxud ularning qismlarini, zararning oʻrni mazkur mol-mulkning bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻliq qoplamagan holda buzib tashlashga sabab boʻlsa, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, muayyan huquqdan cheklangan holda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Moddaning uchinchi qismida xuddi shunday harakatlar koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa aybdor uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va toʻrtinchi qismiga muvofiq, xuddi shunday harakatlar koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

OʻzA