Karantin qoidalarini buzganlar jazolandi

Karantin tadbirlari davrida koʻchada mast holda yurib, odamlar tinchligini buzganligi uchun ikki nafar fuqaroga maʼmuriy qamoq, bir nafar fuqaroga jarima jazosi tayinlandi.
Bu haqda Nukus shahar maʼmuriy sudi raisi Amangeldi Saliyev OʻzA muxbiriga maʼlum qildi.
Mamlakatimizda karantin tadbirlari eʼlon qilinganligiga qaramasdan ushbu fuqarolardan biri oʻzining tugʻilgan kunini nishonlash maqsadida ziyofat tashkil etdi. Hamkasblar yaxshi tilaklar aytib, bir-ikkita shisha “Qoratov”ni boʻshatdi. Koʻchada mast holatda niqobsiz yurib, odamlarning tinchligini buzdi. Ularning bir nafari ayol ekanligi achinarli. Tartibga chaqirishga kelgan Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga boʻysinmasdan, qarshilik koʻrsatgan.
Bu shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar Nukus shahar maʼmuriy sudi tomonidan koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan 1980-yilda tugʻilgan fuqaro A.A.ga 10 sutka, 1988-yilda tugʻilgan fuqaro K.Sh.ga 10 sutka qamoq jazosi, 1984-yilda tugʻilgan fuqaro Yu.M. (ayol)ga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, yaʼni 1 million 115 ming soʻm jarima tayinlandi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA