Nukus shahrida barpo etilayotgan Jasorat bogʻida Toshkent shahridan Su-17 qiruvchi samolyoti olib kelindi.
Bu haqda OʻzAga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi.
Oldin xabar berganimizdek, oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan buyuk gʻalaba uchun mardlarcha kurashgan yurtdoshlarimizning nomini abadiylashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahridagi “Motamsaro ona” haykali joylashgan Xotira xiyobonining orqa tomonida Jasorat bogʻi barpo etilishi boshlangan edi.
Koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda joriy etilgan karantin sabab mazkur bogʻda qurilish-montaj ishlari vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Ayni vaqtga qadar bogʻda jami 8 dona texnika: T-64 tanki, piyodalar jangovar mashinalari, zirhli transportyorlar hamda artilleriya va zenit qurilmalari oʻrnatilgan. Kecha, 7-may kuni bogʻ eksponatlaridan oʻrin olgan bir dona Su-17 qiruvchi samolyoti Toshkent shahridan keltirilgan.
Karantin qoidalarining yumshatilishi hamda bunyodkorlik ishlarini ijtimoiy masofa va shaxsiy gigiyena talablariga rioya etgan holda amalga oshirishga berilgan ruxsatdan keyin bogʻda qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda. Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari ham ushbu ishlarda faol ishtirok etayapti.
Taʼkidlash joizki, Jasorat bogʻi “Motamsaro ona” haykali joylashgan maydonning orqa tomonida ilgari tashlandiq hududning deyarli 100 sotix maydonida bunyod etilyapti. Bogʻni yaratish konsepsiyasiga asosan u yerdagi 153 kvadrat metr maydonida Ikkinchi jahon urushi yillari qoraqalpoq xalqi va qoraqalpogʻistonliklarning matonati, gʻalabaga qoʻshgan hissasi aks etgan bir qavatli xotira muzeyi, pnevmatik miltiqdan oʻq otish tiri, harbiy alpinizmni rivojlantirish maqsadida skalodrom, harbiy obyektlarni qoʻriqlashda foydalaniladigan soqchilarning kuzatuv minorasi, janggohlarni aks ettiradigan okop, blindaj va yertoʻlalar hamda jangovar texnikalar oʻrin oladi. Urush yillarida yurtdoshlarimizning qahramonliklarini aks ettirish uchun Mudofaa vazirligi muzey fondiga yaqindan koʻmak berib, hozirda jamlanayotgan eksponatlar hamda harbiy texnikalarni taqdim etishi belgilangan. Muzey fondi boshqa manbalardan ham toʻldirib boriladi.
OʻzA