Oliy Majlis Senatida elchilarning hisoboti eshitildi

2020-yil 12-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan majlisida Yevropa mamlakatlaridagi Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisoboti eshitildi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning parlamentga Murojaatnomasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 20-yanvarda oʻtkazilgan birinchi majlisidagi nutqidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarga bagʻishlandi.Majlis ishida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, Senat aʼzolari, respublikaning aloqador vazirliklari va idoralari rahbarlari hamda vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yevropa mamlakatlaridagi Oʻzbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari tomonidan xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritalari”ni ijro etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan, eksportni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va respublika hududlariga turistlar oqimini oshirishga qaratilgan aniq loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi hisobotlar taqdim etildi.

Oʻtkazilgan ochiq va maqsadli muhokamada diplomatik missiyalarning barcha masalalari va ustuvor vazifalari koʻrib chiqildi, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berildi hamda xorijda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini targʻib qilishdagi tizimli kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Mamlakat hududlarida ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

Majlisda Oʻzbekistonning qator elchixonalari faoliyati kuchaytirilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim diplomatik missiyalar rahbarlarining faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.

Diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga batafsil tavsiyalar berildi va ular oldiga oʻz faoliyati natijadorligini oshirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.

Majlis yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Axborot xizmati

 

OʻzA