Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi Prezident maktabida yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bilimli yoshlarni tarbiyalash uchun mustahkam poydevor qoʻyildi. Xususan, har bir hududda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilayotgani maktab taʼlimini jahon standartlari darajasida rivojlantirish, barcha sohalar uchun iqtidorli kadrlar tayyorlash, yoshlarning salohiyatini rivojlantirishga imkoniyat yaratmoqda.
Prezident maktablarining dunyoda muqobili yoʻq. Ushbu oʻquv dargohlarida taʼlim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida olib boriladi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, qisqa muddatda Toshkent, Xiva hamda Namangan shaharlarida dastlabki Prezident maktablari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Xiva shahridagi Prezident maktabi ham anʼanaviy maktablardan farqli ravishda ixcham va bilim olish uchun qulay. 2019-yil soʻnggida foydalanishga topshirilgan bilim maskani viloyat yoshlari uchun ulkan sovgʻa boʻlgan edi.
Maktab 168 oʻrinli boʻlib, 2 qavatli oʻquv binosi, 3 qavatli yotoqxona, oshxona, xorijlik oʻqituvchilar uchun mehmonxonaga ega. Sinf xonalar eng zamonaviy oʻquv qurollari bilan jihozlangan.
Sport zali, suzish havzasi qurilishiga ham innovatsion yondashilgan. Maktab kutubxonasi Kembrij, Oksford universitetlari nashriyotlari hamda Kollinz nashriyotining “STEAM” dasturi boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalari, oʻzbek va jahon badiiy adabiyoti namunalari bilan taʼminlangan. Darsliklarning elektron shakllari ham mavjud, bu oʻquvchilarga ulardan yana-da samarali foydalanish imkonini yaratadi.
2019-2020 oʻquv yilida 5-10 sinflarga jami 144 nafar oʻquvchi tanlov asosida qabul qilingan.
Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv reja va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 9 nafar xorijlik mutaxassis hamda 21 nafar tajribali mahalliy oʻqituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro taʼlim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.
Davlatimiz rahbari virtual kimyo laboratoriyasi, musiqa xonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.
– Mana shunday maskanlarda koʻplab iqtidorli farzandlarimiz ilm olishdek katta yoʻlga qadam qoʻydi. Bu ularning hayotidagi eng toʻgʻri va maqsadli tanlovdir. Kelgusida turli sohalarda ular erishayotgan yutuqlar, yurtimizga tegayotgan foydasini koʻrish barchamiz uchun baxt, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari shu yerda Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yangi tashkil etiladigan Prezident maktablarida oʻquv jarayonlarini tashkil etish borasidagi rejalar bilan ham tanishdi.
Abdulaziz Musayev, OʻzA