Jenevada brifing oʻtkazildi

Jenevadagi Millatlar saroyida Oʻzbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24-yanvarda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

Parlamentlararo ittifoq, BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning Jenevadagi idorasi, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BMT inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻlgan davlatlar diplomatik missiyalarining rahbarlari, diplomatik korpus, ekspert-tahliliy doiralar va OAV vakillarini bir joyga jamlagan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi chaqiriqdagi parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasining asosiy mazmuni va respublikani rivojlantirish boʻyicha birinchi darajali vazifalar haqida gapirib berdi.

Brifing ishtirokchilari Oʻzbekistonning 2021-2023-yillarda BMT inson huquqlari boʻyicha Kengashiga kirish boʻyicha qarorini hamda ushbu nufuzli tashkilotga aʼzo etib saylangan taqdirda respublikaning ustuvor yoʻnalishlarini maʼqulladi.

Samarqandda joriy yilning may oyida tashkil etiladigan Inson huquqlari boʻyicha forum ekspert hamjamiyati va diplomatik korpus vakillarida katta qiziqish uygʻotdi. Forum doirasida mamlakatimiz tomonidan xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyaning loyihasini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya loyihasi ishlab chiqilgani ijobiy eʼtirof etildi.

Ishtirokchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, Afgʻoniston muammosini bartaraf etish masalalari boʻyicha qarashlari hamda koʻp sheriklik Trast fondining Orolboʻyi uchun inson havfsizligi boʻyicha faoliyati bilan tanishtirildi.

Brifing davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning turli jihatlariga bagʻishlangan tegishli axborot materiallari tarqatildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston
Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati. 

 

OʻzA