“VEON” kompaniyalari guruhi vakillari bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 5-mart kuni Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va “VEON” kompaniyalari guruhi bosh ijro etuvchi direktori Kaan Terzioʻgʻlu oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “VEON” kompaniyalari guruhi maslahatchisi Boris Tadich ham ishtirok etdi.Muloqot davomida mamlakatimiz telekommunikatsiya tarmogʻida qonun hujjatlarini qoʻllash holati va amaliyoti, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini erkinlashtirish xususida fikr almashildi.2020-yil Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilinishi munosabati bilan mamlakatimizda erkin tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilayotgani taʼkidlandi.

“VEON” kompaniyalari guruhi vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning tashkiliy-institutsional asoslarini takomillashtirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, internet tarmogʻidan foydalanish koʻlamini kengaytirish, mobil aloqa va boshqa telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan investitsiya loyihalarida oʻz ishtirokini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

 

OʻzA