Navoiy shahri va Mo‘ynoq tumanlarining ikki tomonlama hamkorligi rivojlanadi

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumaniga qaratilayotgan alohida e’tibor, ayniqsa, Orol dengizining qurigan hududlarini ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ezgu ishlar hududning qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Mazkur obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shish maqsadida Navoiy shahar hokimi Muhiddin Bozorov, viloyatdan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va shahar kengashi rahbarlari Mo‘ynoq tumanida xizmat safarida bo‘ldi.
Viloyat delegatsiyasi o‘zlari bilan birga 4500 ta ko‘chat, oziq-ovqat mahsulotlari hamda hudud yoshlari uchun ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonining 500 nusxasini o‘zida jamlagan saxovat karvonini ham Mo‘ynoqqa olib bordi.
Navoiydan Orol bo‘yiga yetib borgan oziq-ovqat mahsulotlari va badiiy adabiyotlar Mo‘ynoq ahliga taqdim etildi.
Ayni kunlarda Mo‘ynoqda Navoiy viloyati uchun ajratilgan 4 gektar yer maydonga ko‘chat o‘tqazilib, “Navoiy tashabbus bog‘i” barpo etilmoqda. Bu xayrli yumushlarga mo‘ynoqlik yoshlar hamda mahalliy aholi ham munosib hissa qo‘shayotir.
Tashrif davomida Navoiy shahar hokimi Muhiddin Bozorov hamda Mo‘ynoq tumani hokimi Yerpo‘lat Yedenbaev ishtirokida Navoiy shahri hamda Mo‘ynoq tumanlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Shunga asosan, Navoiy shahri va Mo‘ynoq tumanlarining ikki tomonlama do‘stona aloqalarni rivojlantirish, hududlarning o‘zaro manfaatlariga mos keladigan hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida Navoiy shahri va Mo‘ynoq tumani birodarlashgan hududlar, deb e’lon qilindi.
Eng muhimi, bu orqali kelgusida birodarlashuv aloqalari mustahkamlanib, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatlarga mos keladigan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ikki tomon biznes doiralarining munosabatlari rivojlanishiga haqiqiy tamal toshi qo‘yildi.
Navoiy shahri delegatsiyasining Mo‘ynoq tumanida xizmat safari davom etmoqda.
Navoiy shahar hokimligi
axborot xizmati

 

O‘zA