Litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibi tubdan takomillashtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibini tubdan takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga oʻtgan oyda yoʻllangan Murojaatnomada tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash tartibini qayta koʻrib chiqish va yaxshilash yuzasidan aniq vazifalar belgilab bergan edi.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida litsenziya va ruxsatnomalar turlarini qisqartirish, ularni berish tartibini soddalashtirish va tegishli talablar bajarilishini monitoring qilishning oshkora mexanizmlarini ishlab chiqish hozirgi davr talabidir.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tarkibida maxsus Ishchi guruh tuzilgan.

Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur Ishchi guruh ishini tashkil etishdagi asosiy yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Binobarin, avvalo inson sogʻligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanishi lozimligi taʼkidlandi.

Masalan, oʻquv markazlaridagi oʻqitish jarayoni fuqarolarning hayoti va sogʻligiga ziyon yetkazmasa-da, litsenziyalanadi.

Ayni paytda, ayrim litsenziya shartlari sohada raqobatni ham cheklamoqda.

Xususan, kredit tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tarqatish bilan yagona kredit byurosi shugʻullanib, bozorga boshqa tadbirkorlar kirishiga deyarli imkon yoʻq. Kredit byurosini ochish uchun kamida 10 ta tijorat bankining roziligini olish talab etiladi. Mavjud 30 ta bankdan 26 tasi ushbu yagona kredit byurosining muassisi hisoblanib, qolgan 4 ta bank yangi byuro tashkil etishga rozilik bergan taqdirda ham tashabbuskor litsenziya ololmaydi.

Shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini keng joriy etish lozimligi qayd etildi.

Xorijiy tajribada litsenziyalash oʻrniga xabardor qilish, majburiyatni sugʻurtalash, oʻzini-oʻzi boshqarish, texnik tartibga solish kabi muqobil usullar mavjud. Misol uchun, turar joy obyektlarini noturar sifatida qayd etish uchun tadbirkor alohida ruxsatnoma olishi kerak. Vaholanki, buning uchun davlat idoralari xabardor qilinsa kifoya boʻlishi mumkin.

Xuddi shunday, rieltorlik, auditorlik, sud boshqaruvchiligi kabi faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchilarning javobgarligini sugʻurtalash yoki oʻz-oʻzini boshqarish tizimlariga oʻtkazish mumkin.

Shu munosabat bilan, Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ikki oy muddatda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini joriy qilish vazifasi yuklatildi.

Davlatimiz rahbari litsenziya va ruxsatnomalar berish tartibi va muddatlarini ham qayta koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladi.

Adliya vazirligiga bir oy muddatda litsenziya va ruxsatnoma berish muddatlari va toʻlovlarini oʻrganib chiqib, ularning shartlarini aniq belgilash yuzasidan topshiriq berildi.

Undan tashqari, baʼzi holatlarda tadbirkor litsenziya olish uchun uzoq vaqt davomida sarson boʻlib, kerakli hujjatlarni toʻplab topshiradi, biroq arzimagan sabablar bilan uning arizasi qaytariladi.

Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev litsenziyalash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni toʻliq joriy qilish zarurligini qayd etdi.

Litsenziyalarning 79 foizi, ruxsat beruvchi hujjatlarning 80 foizi hanuzgacha qogʻoz shaklida berilmoqda. “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi 2014-yilda tashkil etilganiga qaramay, bugungi kunda bu portal deyarli faoliyat yuritmayapti. Oʻtgan yili 4 mingdan ortiq litsenziya “bir darcha” tamoyiliga rioya qilinmasdan berilgan.

Axborot texnologiyalari va kommuni-katsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga joriy yil 1-avgustga qadar litsenziya berish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni toʻliq avtomatlashgan yagona elektron tizimini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, litsenziya talablariga rioya etishni (post-litsenzion) monitoring qilishning yangi, oshkora tizimini joriy qilish lozimligini koʻrsatib oʻtdi.

Masalan, yongʻin nazorati organlari yongʻinga qarshi vositalarni oʻrnatuvchilar faoliyatini nazorat qilishi kerak boʻlsa-da, bunday nazorat tizimi amalda mavjud emas.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida barcha litsenziya talab qiluvchi faoliyat turlarida avtomatlashtirilgan risk-analiz tizimini va masofaviy nazoratni yoʻlga qoʻyish zarurligi aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz taʼkidlanidek, sohada korrupsiya va turli suiisteʼmolchiliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazorati tizimini joriy qilish talab etiladi.

Yigʻilishda mutasaddilar olib borilayotgan ishlar hamda har bir tarmoq kesimida qaysi litsenziya va ruxsatnomalarni qisqartirish mumkinligi toʻgʻrisida axborot berdi.

 

O’zA