Toshkent shahridagi Inha universitetida oʻtkazilgan tadbirda xorijiy tashkilotlar vakillari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari xodimlari, AKT mutaxassislari, talaba-yoshlar va loyiha ishtirokchilari qatnashdi.
– Texnologiyada yangiliklar qilishga intilaman, – dedi “Fido Biznes” MCHJ xodimi Sohibjamol Boyeva. – Bugun odamlar sodda va oddiy saytlardan zerikkan. Shuni inobatga olib, ularning didiga mos goʻzal va kishini jalb qiluvchi portallar, saytlar yaratish kerak. Eng muhimi, yaratilgan sayt vazifasiga koʻra ortiqcha bezaklardan xoli boʻlishi kerak. Ushbu loyiha gʻoliblarga koʻplab imkoniyatlar beradi. Ulardan foydalangan holda sohadagi ishlarimni yanada izchil davom ettirmoqchiman.
Tadbirda taʼkidlanganidek, ayni paytda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 28 mingdan oshiq dasturchi faoliyat olib borsa, shularning 9 mingga yaqinini xotin-qizlar tashkil etadi. “ITWomenUz” loyihasi doirasida bunga alohida eʼtibor qaratildi.
Unda ishtirokchilar “Eng yaxshi mobil ilova”, “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi dasturchi”, “Eng yaxshi dizayner” nominatsiyalari boʻyicha taqdirlandi.
Gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari berildi. Taʼkidlanganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan xotin-qizlarga kredit mablagʻlari ajratilishi koʻzda tutilgan.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.