O‘zbekiston va Yaponiya parlamentlararo hamkorligi yanada kengayadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi “Parlamentarizmning yapon tajribasi: O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik” mavzuida davra suhbati o‘tkazdi.
“Oliy Majlis – Yaponiya parlamenti” parlamentlararo guruhi vakillari, deputatlar, Nagoya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti vakillari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor O‘zbekiston – Yaponiya o‘rtasida parlamentlararo muloqotni faollashtirish, parlament a’zolari hamkorligi mexanizmini rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollariga qaratildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi bu – parlamentlararo aloqalar bo‘lib, ushbu tizimdagi o‘zaro aloqalarni faollashtirish zarur. Shuningdek, Oliy Majlisning mamlakatimiz hayotidagi hamda O‘zbekiston davlatchiligini barpo etishdagi o‘ziga xos o‘rni yuqori hisoblanadi.
Yaponiya parlamenti vakillarining dekabr oyida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashishi alohida qayd etildi. So‘nggi yillarda kuzatilgan davlatlararo aloqalarning barcha sohalarida O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligini faollashtirish tendensiyasidan qoniqish hosil qilingani aytildi.
– Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar ko‘p yillik tarixga ega, – dedi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Avazbek Jalilov. – Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi siyosatida ham, ichki ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ham Yaponiya bilan hamkorlik muhim o‘rin egallamoqda.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil dekabr oyida Yaponiyaga bo‘lajak tashrifi haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi. Mazkur tashrif, shubhasiz, samarali aloqalarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga, davlatlararo munosabatlarda yangi bosqichning boshlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, mutaxassislar ikki davlat o‘rtasida kelgusida hamkorlikni kuchaytirish, ayniqsa, Yaponiyaning milliy qonunchilik sohasida amalga oshirayotgan islohotlari, bank-moliya va madaniy-turistik imkoniyatlarini o‘rganish kerakligini aytib o‘tdi.

 

Abdulaziz MUSAEV, O‘zA