Deputatlar uzoq muhokamalardan soʻng yangi tahrirdagi Coliq kodeksini qabul qildilar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

2019-yil 9-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi oʻtkazildi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator muhim masalalarni koʻrib chiqdilar. Majlisda deputatlar eʼtiboriga ikkinchi oʻqishda havola etilib, muhokama markazida boʻlgan dolzarb masalalardan biri, shubhasiz, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Taʼkidlash joizki, mazkur loyiha bilan qabul qilinayotgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi yuzasidan parlament quyi palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi aʼzolari, Davlat byudjeti boshqarmasi xodimlari hamda Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi mutasaddilari ishtirokida juda keng va qizgʻin muhokamalar oʻtkazildi.

Majlisda qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda bir qator tizimli muammolarni yechish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Yana bir muhim jihat, davlatimiz rahbari 2018-yil 28-dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mamlakat taraqqiyotining tayanchi boʻlgan insofli soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarning qonuniy faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish shartligini aytib oʻtgan edi. Bunda fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida toʻlashdan manfaatdor boʻlishi lozimligi qayd etilgandi.

Ana shularni inobatga olgan holda, yangi soliq tizimini yaratishda tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslanildi. Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi toʻgʻrisidagi qonun loyihasi joriy yilning 26-noyabrida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilingani bejiz emas. Zero, oʻtgan davr mobaynida loyiha, avvalo, parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar hamda bir necha marotaba ishchi guruhlar yigʻilishlarida keng muhokama qilinib, maromiga yetkazildi.

Shu bilan birga, loyiha yuzasidan bir qator tashkilot va muassasalarda ham mutaxassislar, ekspertlar ishtirokida muhokama hamda tahlillar oʻtkazildi. Muhokamalar parlamentdan hududlarga ham koʻchib, respublikamizning barcha viloyatlarida mahalliy Kengashlar deputatlari, mutasaddilar, mutaxassislar, ekspertlar, tadbirkorlar, yirik soliq toʻlovchilar ishtirokida keng jamoatchilikni jalb qilgan holda, turkum seminarlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda loyihaning har bir normasi iqtisodiyotning barcha jabhasida makroiqtisodiy barqarorlikka erishish, pirovardida, mamlakat rivoji hamda xalq manfaatlari ustuvorligini taʼminlash nuqtayi nazaridan koʻrib chiqildi. Maqsad – kodeks loyihasidagi har bir normaning amaliyotda toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini taʼminlash, uning xalqchilligini oshirishdan iboratdir.

Qolaversa, mamlakatimiz tarixida ilk bor kuzatilayotgan ushbu yangilikni tadbirkorlar va biznes vakillari anchadan buyon kutayotgan edi. Shu bois, koʻplab ekspertlar soliqlarni hisoblash va toʻlash mexanizmini takomillashtirishga, soliq qonunchiligida huquqni qoʻllashning barcha tartib-taomillarini aniqlashtirish hamda tartibga solishga qaratilgan normalar loyihadan oʻrin olgani, oʻz navbatida, ilk bor Soliq kodeksi bilan tasdiqlanayotgan soliq normalari va stavkalarining doimiyligini taʼminlashga xizmat qilishini eʼtirof etmoqda.

Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilinmoqda. Shu bois, loyihada barcha soliqlar boʻyicha stavkalar (aksiz soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, soliq qonunchiligi normalari qoʻllanilishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarning oldini olish, insofli soliq toʻlovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq obyektlari, soliq toʻlovchilarning hisobini yuritishni taʼminlaydigan AKTni keng joriy etish bilan bogʻliq bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilmoqda. Jumladan, soliq nazoratining yangi tartibi (kameral tekshiruv, sayyor tekshiruv, soliq auditi) taklif etilmoqda.

Tahlika-tahlil dasturi joriy qilinmoqda. Ushbu dastur faoliyat koʻrsatayotgan barcha xoʻjalik subyektlarini muayyan mezonlar asosida, xavflilik darajasiga qarab, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda 3 ta segmentga (yashil yoʻlak, sariq yoʻlak, qizil yoʻlak) ajratadi. Unga binoan, xavflilik darajasi past boʻlgan (yashil yoʻlakcha) korxonalarga nisbatan soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari koʻrsatiladi. Xavflilik darajasi oʻrtacha boʻlgan (sariq yoʻlakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarini bartaraf etish boʻyicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi hamda ularga moliyaviy va maʼmuriy jarimalar qoʻllanilmaydi .Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, buxgalteriya hujjatlarini va hisobvaraq-fakturalarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi oʻta yuqori boʻlgan (qizil yoʻlakcha) korxonalarga nisbatan esa soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi. Oʻz-oʻzidan aniqki, bunday korxonalar doimiy nazoratda boʻladi.

Deputatlarning fikricha, ushbu tadbirlar soliq nazoratini amalga oshirishning shaffofligini taʼminlab, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Loyihada soliq toʻlovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13 tadan 3 tagacha qisqarmoqda.

Bundan tashqari, kiritilayotgan yangiliklarga koʻra, ortiqcha undirilgan summalarga har bir oʻtgan kuni uchun soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchiga penya toʻlanadi. Xorijiy sayyohlar Oʻzbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) “Tax free” tamoyili asosida qaytariladi. Mulkni (xizmatlarni) begʻaraz ravishda topshirishda toʻlanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalar tomonidan toʻlanayotgan yagona ijtimoiy toʻlov 25 foizdan 12 foizga tushirilmoqda.

Loyihada soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga toʻxtatib turish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq toʻlovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qatʼi nazar, oʻzining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi boʻyicha yangi meʼyor kiritilmoqda.

Soliq huquqbuzarliklariga yoʻl qoʻyayotgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllash tartibi qayta koʻrib chiqilmoqda.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi ham aniqlashtirilmoqda. Yaʼni, soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy oʻtkazish tartibini joriy etish koʻzda tutilmoqda.

Umuman, majlisda loyihada aks etgan shu va boshqa koʻplab yangiliklar, muhokamalarda bildirilgan hamda bevosita parlament quyi palatasi deputatlari taklifi bilan kiritilayotgan oʻzgarishlar xususida ham atroflicha toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar majlislarida, shuningdek, joylardagi muhokamalar jarayonida deputatlar, tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar tomonidan 500 dan ortiq taklif va mulohaza bildirildi. Mazkur takliflar qonun tashabbuskorlari bilan ishchi guruhlarida koʻrib chiqilib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga 70 dan ortiq tahririy va konseptual oʻzgarishlar kiritildi. Jumladan, loyihadagi soliq qarzdorligi kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish vakolati Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim qilinishi taklif etilgan edi. Muhokamalardan soʻng yirik korxonalarning soliq qarzdorligini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash boʻyicha ruxsat berish vakolati Davlat soliq qoʻmitasiga, qolgan soliq toʻlovchilar boʻyicha esa hududiy moliya va soliq organlarining xulosasi asosida xalq deрutatlari viloyat Kengashiga berilishi koʻzda tutilmoqda.

Oʻtkazilgan muhokamalarda parlament aʼzolari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini (QQS) takomillashtirish, foyda soligʻini tartibga soluvchi normaga oʻzgartirishlar kiritish, xarajatlarning “iqtisodiy asoslanganligi” toʻgʻrisidagi noaniqliklarni chiqarib tashlashga doir bir qator takliflar bildirilgan boʻlib, ularning aksariyati loyihada aks ettirildi.

Umuman, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda tayyorlash jarayonida juda katta hajmli ish bajarildi. Loyiha har taraflama pishiq-puxta holga keltirildi.

Majlisda loyiha ikkinchi oʻqishda bobma-bob, moddama-modda koʻrib chiqildi.

Muhokamalar chogʻida deputatlar tomonidan bir qator muhim fikr-mulohaza hamda takliflar ham bildirildi. Qizgʻin kechgan savol-javob va tortishuvlardan soʻng loyiha ovozga qoʻyildi va “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati 

 

OʻzA