Saylov–2019

Saylov jarayonining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanmoqda
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferens-aloqa shaklida o‘tkazilayotgan majlisda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari va mas’ul xodimlaridan tashqari, okrug saylov komissiyalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha viloyatlar hokimliklari, jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
photo5364201895876472077.jpg
Majlisda dastlab O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletovning vazirlik tomonidan Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
R.Davletovning ma’lumot berishicha, vazirlik tomonidan shu vaqtga qadar 6 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Vazirlik tizimida “Adliya chorlovi” mavzuidagi loyiha tashkil etildi. Bunda ko‘chalar, aholi gavjum joylar va OAV orqali saylovga chorlovchi ijtimoiy reklamalar, bannerlar va bilbordlar o‘rnatiladi. Ayni paytda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali “Saylov alifbosi” rukni tashkil etilib, saylovga oid tushunchalar izohi sodda, lo‘nda va tushunarli tarzda muntazam berib borilmoqda.
Majlisda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda Markaziy saylov komissiyaning shu yil 11 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Qonunchilik palatasi deputatligiga 2019 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan jami beshta siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatlarda o‘zining qurultoy va s’ezdlarini o‘tkazdi. Mazkur tadbirlarda partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng siyosiy partiyalarning rahbarlari deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab, Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi. Markaziy saylov komissiyasi ekspertlari tomonidan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligi Saylov kodeksida belgilangan muddatlarda sinchiklab tekshirib chiqildi.
Ta’kidlandiki, siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha barcha tadbirlar qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq holda, oshkoralik va ochiqlik muhitida amalga oshirilgan.
Markaziy saylov komissiyasi tekshirish yakunlariga ko‘ra va O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ro‘yxatga olingan 750 nomzodning barchasi oliy ma’lumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardan iborat. Bu 2014 yilning dekabrida o‘tgan saylovlardagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko‘pdir. Nomzodlar orasida huquqshunoslar 6,9, iqtisodchilar 19,1, shifokorlar 12,4 fozini tashkil qiladi. Deputatlik mandati uchun 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlar orasida navqiron avlod vakillari sezilarli darajada ko‘paygan 25-40 yoshlar orasidagilar 32,2 foizni tashkil qiladi.
Ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi.
Majlisda deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinishi bilan saylov jarayonining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanishi ta’kidlandi. Bu jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida amalga oshiriladi.
Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga binoan saylovoldi tashviqotini olib borish uchun barcha shart-sharoitlar ta’minlangan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga Saylov kodeksi va
Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqotini amalga oshirishda deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning ommaviy axborot vositalaridan foydalanishiga oid hujjatlari asosida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng va keng imkoniyatlar yaratiladi.
Siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqoti davrida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng shart-sharoitlar yaratish, siyosiy partiyalarning o‘zining kelgusi faoliyat dasturi bilan chiqish huquqini ta’minlash maqsadida, ularning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilab qo‘yildi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

Inobat AHATOVA, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA