FUTBOL: “Paxtakor“ 12-marta chempionlik ortidan 12-bor Oʻzbekiston Kubogini ham qoʻlga kiritdi

Ushbu jamoalarning oʻtgan yilgi bahsida olmaliqliklar gʻalaba qozonishgandi, bu gal esa “Paxtakor” raqibidan munosib “oʻch” oldi. – ANONSGAAAA.
“Paxtakor” hamda AGMK jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi final uchrashuvida “sherlar” 3:0 hisobidagi yirik gʻalabani qoʻlga kiritishdi.
Eʼtiborlisi, mazkur bahsdagi har uchchala golga Dragan Cheran mualliflik qildi. 31-daqiqada Sergeyev va Hamdamovning ajoyib harakatidan soʻng Dragan oʻng oyogʻida toʻpni darvozabon ustidan oshirib tashladi. 60-daqiqada esa jarima maydonchasi ichida Masharipovga nisbatan amalga oshirilgan qoʻpollik uchun olmaliqliklar darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrli jarima zarbasini serbiyalik futbolchi aniq amalga oshirgan boʻlsa, oradan 17 daqiqa oʻtib tinib-tinchimas Jaloliddinning chiroyli va aniq uzatmasidan soʻng 32 yoshli xorijlik hujumchi toʻpni toʻxtatmasdan darvozaga yoʻlladi.
“Paxtakor” shu paytgacha oʻz tarixida 12-marta mamlakat chempionligini qoʻlga kiritgan boʻlsa sovrinlari qatoriga 12-bor kubokni ham qoʻshib qoʻyishga muvaffaq boʻldi.
Jamoa bosh murabbiyi va futbolchilarning maqsadi joriy yilgi chempionatda mukofotlarni qoʻlga kiritish boʻyicha “xet-trik”ni amalga oshirish. Ayni damga qadar mamlakat chempionatida bosh sovrin, kecha esa
Oʻzbekiston kubogi jamoa xazinasini toʻldirdi. Oldinda Liga Kubogining finali ham bor. Eʼtiborli jihati, “sherlar” mazkur finalda ham aynan olmaliqliklarga qarshi maydonga tushadi. Koʻramiz, paxtakorchilar niyatlariga yetib, uchinchi sovrinni ham oʻziniki qiladimi yoki AGMK ilk Liga Kubogining ilk gʻolibi boʻladimi?
Final uchrashuvidan keyingi taqdirlash marosimi ham OʻzPFL tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi.
PAXTAKOR – AGMK – 3:0
Toshkent. “Lokomotiv” stadioni. 7185 tomoshabin
Hakamlar: Sherzod Qosimov, Abduhamidullo Rasulov, Jahongir Saidov, Jasur Muxtorov
“Paxtakor”: Eldorbek Suyunov, Xojiakbar Alijonov, Jaloliddin Masharipov, Dragan Cheran, Igor Sergeyev (Marat Bikmayev, 79), Dostonbek Hamdamov, Odiljon Hamrobekov, Sherzod Aʼzamov, Sardor Sobirxoʻjayev (Yegor Krimes, 89), Farruh Sayfiyev (Vladimir Kozak, 86), Marko Simich.
AGMK: Suhrobjon Sultonov, Erkin Boydullayev, Mirjamol Qosimov (Jasurbek Umarov, 46), Dilshod Joʻrayev, Elguja Grigalashvili (Sanʼat Shixov, 63), Murodjon Toshmatov, Akmal Shorahmedov, Saydullo Rahmatov, Sardor Rahmonov, Boburbek Yoʻldoshov, Shahzodbek Nurmatov (Jasur Hakimov, 72).
Gollar: Dragan Cheran (31, 61-pen., 77)
Ogohlantirishlar: Farruh Sayfiyev (74), Xojiakbar Alijonov (80) – Akmal Shorahmedov (74), Sanʼat Shixov (80).
Nazoratchi -Rashid Aytekov
Komissar – Aleksandr Davidenko.

 

Oybek YUNUSOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA