Qoraqalpogʻiston Respublikasi paxtakorlari paxta tayyorlash rejasini ortigʻi bilan bajardi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi paxtakorlari 2019-yilgi paxta xomashyosini topshirish boʻyicha yillik shartnomaviy rejasini 100,54 foizga ortigʻi bilan bajardi.
Joriy yil rejasiga koʻra, Orolboʻyi paxtakorlari davlatga 184 ming 200 tonna paxta xom ashyosi topshirishi belgilangan boʻlib, 2019-yil 26-oktyabr holatiga koʻra, hududdagi jami 2 ming 523 fermer xoʻjaliklari oʻz rejalarini 100,54 foizga ortigʻi bilan uddalab, 185 ming 195 tonnalik katta xirmon koʻtardi. Shunday qilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi paxtakorlari Fargʻona va Andijon viloyatlaridan keyin uchinchi boʻlib zafar marrasiga yetdilar.
Bu qoraqalpogʻistonlik paxtakorlar uchun katta gʻalaba boʻldi. Chunki hududdagi ogʻir ekologik vaziyat, yerlarning shoʻrlanish darajasining yuqoriligi, meliorativ holatining barqaror emasligi, noqulay ob-havo sharoiti mahalliy dehqon-fermerlar uchun paxta hosilini yetishtirish, parvarishlash va yigʻib olishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi.
Dehqon-fermerlarining bu ulkan zafari zamirida muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilishga katta eʼtibor qaratilayotgani, dehqonlarimizning fidokorona mehnati, koʻp yillik tajribasi, paxta yigʻim-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar muhim omil boʻlib xizmat qildi.
Joriy yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlari uyushqoqlik bilan jadal surʼatlarda oʻtkazilmoqda. Bunda nafaqat fermer xoʻjaliklari, balki klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari, ixtiyoriy ravishda qoʻshimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band boʻlmagan mehnatga layoqatli aholi ham faol ishtirok etmoqda. Yigʻim-terim ishlarida qatnashayotgan terimchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Dalalarida mehnat qilayotgan har bir terimchiga tergan paxtasining puli shu kunning oʻzidayoq dala boshida berib borilmoqda. Shuningdek, ilgʻor terimchilarga yengil avtomashinalar, muzlatgich, televizor, gaz plitasi va boshqa mukofotlarning berilishi xam terim surʼatini oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tashabbusi bilan oilaviy terimchilar oʻrtasida “Oʻn kunda eng koʻp paxta tergan oila” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar “ Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Bugungi kunga Taxiatosh, Amudaryo, Nukus, Beruniy, Qoraoʻzak, Ellikqalʼa hamda Taxtakoʻpir tumanlari paxtakorlari ham paxta yetishtirish boʻyicha shartnomaviy rejalarini ortigʻi bilan bajarib, mamlakatimiz xirmonining yuksalishiga katta hissa qoʻshdilar.
Dalalarda hosil hali moʻl. Yetishtirilgan paxta hosilini oxirgi misqoligacha yigʻib-terib olish uchun bor imkoniyatlarni ishga soladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA