To‘y o‘tkazish tartibini buzganlarga jarima bor

Ma’lumki, to‘ylar, tantanalar, marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish uchun bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Shu bilan birga targ‘ibot tadbirlari ham tashkil etilayapti.
Endilikda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun jarima belgilanmoqda. Bu “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 192-1-modda bilan to‘ldiriladi
Unda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzish bilan bog‘liq jarimalar miqdori belgilangan.
Xususan, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan talablarga mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan rioya etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida (2 million 230 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar buzilganda bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida (6 million 690 ming so‘m) jarima solinadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida (11 million 150 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan oldin, To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom e’lon qilingandi.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.
Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi. Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

 

O‘zA