Kombinat xodimlariga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati“ aksiyadorlik jamiyatining 70 yilligi bayram tantanalari davom etmoqda.
“Metallurg“ madaniyat saroyida shonli sana munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi R.Xolmatov, sanoat sohasi olimlari, xorijlik mehmonlar, kombinat ishchi-xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbir avvalida Bosh vazir A.Aripov Prezidentimizning kombinatning 70 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib, eshittirdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayoniga dunyoning ilg‘or zamonaviy texnologiyalarini, yetuk mutaxassislarni jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Pirovardida, kombinatning ishlab chiqarish samaradorligi va sifati ortmoqda. Jumladan, kombinat va uning tarkibiy bo‘limlarida 36 mingdan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan jamiyat tomonidan joriy yilning 9 oyida qiymati 1 milliard 400 million dollardan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi. Shu davrda o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 131,5 foizni tashkil etdi. Ayniqsa, katodli mis, rux, oltin, kumush ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi.
Tantanali tadbir doirasida Prezidentimizning shonli sana munosabati bilan e’lon qilingan maxsus farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan kombinat xodimlariga mehnatlari rag‘bati – mukofotlar topshirildi. Taqdirlangan sanoatchilarga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov topshirdi.
Bayram tadbiri musiqiy dasturga ulanib ketdi. Olmaliq shahrida bayram tadbirlari davom etmoqda.

 

Avazbek XUDOYQULOV, A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA